15:16 / 17.04.2016
2035

Saudiya Arabistoni OPeK a'zolarini neft qazib chiqarishni muzlatib qo‘yish loyihasiga qo‘shilishga chaqirdi

Saudiya Arabistoni tomoni OPeK (neftni eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti) tashkilotiga a'zo bo‘lgan mamlakatlarni Dohadagi uchrashuv boshlanishi arafasida yana bir marta neft qazib chiqarish darajasini oktabrgacha muzlatib qo‘yish bo‘yicha bitim loyihasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Bu haqda Reyter agentligi neft sohasidagi manbalariga asoslangan holda ma'lum qilgan.

17 aprel kuni Qatar poytaxti Doha shahrida OPeK mamlakatlari va tashkilotga kirmaydigan ishlab chiqaruvchilar uchrashadi. Neft narxini barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilinadi.

Dohadagi bitim loyihasi neft qazib chiqarish darajasini oktabrgacha muzlatib qo‘yishni taklif qilishi kutilmoqda.

Ayni vaqtda bu uchrashuv boshlanishi Ar-Riyod so‘roviga ko‘ra kechiktirilgan.

Manbalarning yozishicha, Dohaga kelgan vakillar Qatar amiri bilan uchrashuvdan keyin yig‘ilish boshlashadi.

Bundan oldinroq, Eron neft vaziri Qatardagi muzokaralarga bormasligi, uchrashuvda taklif etiladigan bitimga Eron tomoni rozi bo‘lmasligini bildirgandi.

Top