11:14 / 17.04.2016
2125

Yaponiyaning Fukuoka shahri ko‘chalarida "sirli" ko‘pikning paydo bo‘lishi sababi aniqlandi

Yaponiyadagi zilzilalardan keyin Fukuoka shahri ko‘chalarida paydo bo‘lgan ko‘pik rezervuardan oqib ketgan yong‘inni o‘chirish vositasi ekanligi aniqlandi. Bu haqda 17 aprelda Fukuoka prefekturasi o‘t o‘chirish hisobotiga iqtibos keltirgan holda TASS axborot agentligi xabar berdi.

Ta'kidlanishicha, o‘yin avtomatlari klubi yonidagi o‘t o‘chirish aralashmasi solingan idishda darz hosil bo‘lgan va undan ko‘pik oqib ketgan.

Avvalroq 16 aprelda Fukuoka ko‘chalari oq ko‘pik bilan qoplangani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari ko‘pik yer osti quvuri portlashi oqibatida sizib chiqqani taxminini bildirishgan.

15 va 16 aprelda Yaponiya janubi-g‘arbida bir qator zilzilalar sodir bo‘ldi, ulardan eng kuchlisining kuchi 7,3 magnitudani tashkil qildi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, zilzilalar oqibatida 41 kishi halok bo‘lgan, 2 mingga yaqin odam jarohat olgan. Oxirgi 3 kun ichida zilzila yuz bergan Kyusyu orolida 388 ta zilzila sodir bo‘lgani qayd qilingan.

Top