11:53 / 18.04.2016
2088

“Salomatlik” poyezdi Qoraqalpog‘istonga yo‘l oldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 9 fevraldagi PQ-2487-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturining 9-bandida ko‘rsatilgan Respublikaning ekologik nohush mintaqalarida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va boshqa viloyatlarda) “Salomatlik” poyezdlarini tashkil etish yo‘li bilan chekka tumanlarda yashovchilarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasiga Toshkent – Qoraqalpog‘iston – Jasliq –Toshkent yo‘nalishidagi “Salomatlik” poyezdi 2016 yil 18-26 aprel kunlari tashkil etildi.

Ma'lumot o‘rinida aytib o‘tish joizki, 2016 yil 21-29 mart kunlari Navoiy viloyatining chekka tumanlarda yashovchilarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun Toshkent – Navoiy – Tinchlik – Konimex – Qara-qata – Mustaqillik – Qizilquduq – Buzaubay – Uchquduq II – Toshkent yo‘nalishidagi “Salomatlik” poyezdi 2016 yil 21-29 mart kunlari tashkil etildi. Ushbu “Salomatlik” poyezdlarining mutaxassislari tomonidan 2229 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tibbiy ko‘rik bilan bir qatorda “Salomatlik” poyezdining faoliyati davomida viloyatdagi 24 ta tibbiy va ijtimoiy muassasalarga, shuningdek, 2700 nafardan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli ravishda oziq-ovqat paketlari hamda tibbiy ko‘riklardan o‘tgan aholiga alohida kiyim-kechak, dori-darmon, vitamin, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat jami 649,8 mln. so‘mlik insonparvarlik yordami tarqatildi.

Navbatdagi “Salomatlik” poyezdi uchun “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan maxsus vagonlar taqdim etilib, yuqori malakali shifokorlar guruhi aholiga zarur tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida 18 aprel kuni soat 17:00 da Toshkent shimoliy vokzalidan yo‘lga chiqdi. Ushbu malakali shifokorlar bilan birga joylarda fondning Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Ushbu insonparvarlik yordami 1 102,1 mlrd. so‘mlik oziq-ovqat, kiyim-kechak hamda dori-darmon va tibbiyot anjomlari, tibbiyot jihozlari, sanitariya-gigiyena vositalaridan iborat muruvvat yordamlaridan tashkil topgan.

Mazkur poyezd o‘z rejasi davomida borishi ko‘zda tutilgan Nukus, Qo‘ng‘irot, Qoraqalpog‘iston, Jasliq stansiyalariga yaqin hududlaridan tashqari fondning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi orqali hududdagi markaziy shifoxonalar, viloyat bolalar va tug‘uruq komplekslariga hamda ko‘zi ojiz, aqli zaif va kar-soqov bolalar maxsus maktab internatlariga o‘z yordamini ko‘rsatishi rejalashtirilgan.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ekologik jihatdan noqulay sharoitda istiqomat qiluvchi aholini, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, shuningdek, chekka qishloqlarda yashayotgan ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, aholining tibbiy savodxonligini oshirish hamda muruvvat harakatini rivojlantirish ishiga keng jamoatchilik e'tiborini jalb etish.

Tadbir homiylari: Germaniya Federativ Respublikasining “Tovarish – Hilfe fuer kinder” xalqaro tashkiloti, AQShning “AmeriCares” va “Toms Shoes” xalqaro tashkilotlari, Koreya Respublikasining “Siloam senter for the Blind” xalqaro tashkiloti, “Dori-darmon” AK, “Kitob olami” MChJ, “Nobel farm sanoat” QK, “Malham service” MChJ, “Reka med Farm” QK, “Baxtteks-farm” MChJ va boshqalar hisoblanadi.

Top