21:09 / 18.04.2016
6288

"O‘zbekoziqovqatzaxira" uyushmasi tashkil etildi

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning 2016 yil 8 apreldagi qaroriga ko‘ra, "O‘zulgurjisavdoinvest" uyushmasi meva va sabzavot mahsulotlarini tayyorlash va omborxonalarda saqlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasiga aylantirildi. Bu haqda uzdaily.uz nashri xabar bermoqda. 

"O‘zbekoziqovqatzaxira" uyushmasi O‘zbekistonning barcha viloyatlaridagi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz ekinlari va uzum xarid qilish, saqlash va yetkazib berish bo‘yicha 47 korxonani birlashtiradi.

Yangi uyushma faoliyati asosiy vazifalari va yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- fermer va dehqon xo‘jaliklari, agrofirmalardan barra meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni ichki iste'mol bozorini to‘ldirish va narxlarning barqarorligini ta'minlash uchun qishki-bahorgi mavsumga saqlash uchun g‘amlash maqsadida sotib olishga shartnomalar tuzish;

- qishki-bahorgi mavsum uchun g‘amlanadigan mahsulotning tegishli saqlanishini tashkillashtirish va uni saqlash vaqtida yo‘qotishlarni kamaytirish, zamonaviy logistika tizimini tatbiq qilish;

- respublika shaharlarida barra meva-sabzavot mahsulotlarini sotish bo‘yicha maxsus yarmarkalarni o‘tkazish;

- to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish va uyushma tarkibiga kiruvchi korxonalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirish bo‘yicha ishlarni tashkillashtirish, maxsus omborxonalar va muzlatgich kameralarini qurish, rekonstruksiyalash va modernizatsiyalashni ta'minlash;

- uzoq va borish qiyin bo‘lgan aholi punktlarida yashovchi aholini ijtimoiy ahamiyatdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash;

- uyushma tarkibiga kiruvchi korxonalar mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkillashtirish.

Bundan avvalroq 2016 yilgi hosildan boshlab O‘zbekistonda yangi meva va sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzumni sotib olishga davlat buyurtmasi joriy etilgani xabar qilingan edi. Yangi mahsulotlarni kelgusida sanoat darajasida qayta ishlash uchun sotib olish fevralda tashkil etilgan «O‘zbekoziqovqatxolding», qish-bahorgi mavsum uchun mahsulotlar g‘amlash — «O‘zbekoziqovqatzaxira», eksport — yaqinda tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan «O‘zagroeksport» tashqi savdo kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Top