19:58 / 18.04.2016
7830

Shu bugun “onam” deb she'r yozgim keldi

Shoir Nasriddin Botirov 1965 yil, 5 mayda Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida tavallud topgan. Ona Vatan, yurt va sevgi she'rlaridan bo‘lgan qo‘shiqlarni xalqimizning sevimli hofizlari kuylab keladi.

“Ona yurtimizning fidoiy ma'naviyatchisi Nasriddin Botirovning she'rlarini o‘qib ko‘nglim bir yorishdi. To‘g‘ri, she'riyat bu cheksiz, chegarasiz ummon. Undan har bir ijodkor xohlaganicha chanqog‘ini qondiradi. She'rlari yoqimli, yuragi ham qordek pokiza, umidli shoir ukamizning she'rlarini o‘qib hayajonlandim”, degan edi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov.

Nasriddin Botirov bugungi kunda Ma'naviyat va ma'rifat kengashi mas'ul xodimi vazifasida faoliyat yuritmoqda.

Sakkizlik

Dunyo savollarga ko‘milib qolgan,
Javoblar ololmay yuragim tolgan.
Xudo hayotimga faqat kuy solgan,
Savollarim ko‘pdir, javoblarim kam.

Savollar yo‘llanar biz sari mubham,
She'r yozdim, iztirob, quvonch va alam”.
Muhabbat o‘tida yurak kuysa ham,
Savollarim ko‘pdir, javoblarim kam.

Elim

Bu el qorni yoqar topib qalovini,
O‘chog‘idan hech o‘chirmas olovini,
Baland tutar tug‘i baland yalovini,
Olislarga qarab borar karvoni bor,
Sheryurakli biling dono sarboni bor!

Bir bolani yetti ko‘cha bolam deydi,
Qizlarini erkalab, jon — onam deydi,
Bog‘lariyu tog‘larini dalam deydi,
Olislarga qarab borar karvoni bor,
Sheryurakli biling dono sarboni bor!

Noz-ne'matga to‘la doim dasturxoni,
Biling, katta davlatidir bolajoni,
Boylikka qon, qiru, ham yoboni,
Olislarga qarab borar karvoni bor,
Sheryurakli biling dono sarboni bor!

Noz-ne'matga to‘la doim dasturxoni,
Biling, katta davlatidir bolajoni,
Boylikka kon, qiru, dashtu ham yoboni,
Olislarga qarab borar karvoni bor,
Sheryurakli biling dono sarboni bor!

O‘ti bordir, biling, xalqning yuragida,
Tinchlik doim orzusida, tilagida,
Polvonlik bor o‘g‘lonlari bilagida,
Olislarga qarab borar karvoni bor,
Sheryurakli biling dono sarboni bor!

Tilak

Hech kimdan omadni ayama falak,
Jonin ham asragil, etmagil halak!
Omadni qo‘sh-qo‘sh ber, ber baxtini ham,
Nomardga zor etma, ko‘rmasin hech g‘am!

Hayotin hech qachon qilmagil chil-chil,
Abadiydir dunyo inson bilan bil!
Ber ishiga unum, hamyoniga pul,
Bilagiga kuch ber, Ey Qodiri Dil!

Mehrga zor qilma, dushmaniga xor,
Qaddini bukmasin, har qanday dildor!
Ber unga muhabbat, bo‘l sevimli yor,
Tokim, yig‘lamasin, yuragi nochor!

Onamning orzusi

“Shoir bolam” derdi, “jon bolam derdi”,
Qarardi so‘zimga e'tibor bilan.
Shu bugun “onam” deb she'r yozgim keldi,
Bir lahza ko‘zimdan ketmadi onam.

Aybga buyurmaysiz. Yurak — gulxanday,
Yonmoqda — chirsillab tobora tanam.
Bilmam, nega shuncha kasblar turganda,
Shoir bo‘lishimni istardi onam.

Bir so‘z aytolmadim hali xalqimga,
Juda ko‘p onamning oldida qarzim!
Yozilmagan ko‘ngil, shoir qalb bilan —
Men ona xalqimga qilaman ta'zim!

Top