11:08 / 18.04.2016
9998

Xalqaro sud tashkil topganiga 70 yil to‘ldi

BMTning Xalqaro sudi 18 aprelda 70 yillik yubileyini nishonlamoqda. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng tashkil topgan ushbu sud davlatlar o‘rtasidagi munozarali masalalarni hal etish maqsadida shakllantirilgan. U shu paytga qadar 200 ta ana shunday masalani hal etgan. Ayni damda 11 ta munozara ustida ish olib bormoqda.

Shulardan 121ta sud qarori va 50ga yaqin buyrug‘i davlatlarga taqdim etildi. Bundan tashqari, sud BMTga 27 masalada maslahat bergan.

BMTning Xalqaro sudi Gaagada joylashgan. U 1946 yilda Millatlar Ligasi qoshida 1920 yilda ish boshlagan Doimiy xalqaro odil sudlov o‘rnida tashkil topgan. Sud BMTning oltita bosh organidan biri bo‘lib, faqat ugina Nyu-Yorkda joylashmagan.

Sud tashkil topgan rasmiy sana etib 1946 yilning 18 apreli belgilangan. O‘shanda sudning birinchi tantanali yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Bu yilgi tantanali yig‘ilish 20 aprel sanasida, BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun va Niderlandiya qiroli Villem-Aleksander ishtirokida bo‘lib o‘tadi.

Tashkilot byudjyeti 26 mln dollar bo‘lib, unda 115 kishi faoliyat yuritadi.

Top