14:50 / 19.04.2016
1981

Butun Toshkentga kayfiyat ulashuvchi “sirli otaxon” haqida hikoya

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)” guruhida jamoat transporti va joylarida hech qachon hech kimdan sadaqa so‘ramaydigan, barchaning kayfiyatini ko‘tarib yuruvchi otaxon haqida so‘z bordi. Foydalanuvchilar uning suratini tarmoqqa joylashtirishgan.

“Bu g‘alati yo‘lovchi ko‘plab toshkentliklarga tanish. Tayoq ustida piyolani o‘ynatib, bolalar va kattalarni quvontirishga harakat qilayotgan otaxonni metroda, tramvaylarda ko‘rish mumkin. U hech qachon sadaqa so‘ramaydi. Lekin uni ko‘rib qolsangiz, zerikarli safar vaqtida bolalarni xursand qilishga harakat qilgani uchun, ko‘ngildan chiqarib hech bo‘lmasa mayda pul bering”, — deb yozadi surat muallifi.

Surat ostida izoh qoldirganlarning aksariyati otaxonni tanigan, ular orasida “birinchi marta bundan 10 yil avval ko‘rgandim”, “birinchi marta ko‘rganimda hali maktabda o‘qirdim” deb guvohlik berganlar bo‘lgan.

Ammo guruhdagi hamma ham otaxon va u haqidagi iliq fikrlarga qo‘shilmagan. Jumladan, bir izohda shunday fikrlarni uchratish mumkin: “Tamom, otaxon uchun rosa piar-kampaniya bo‘ldi. Endi hamma uni qidirishga va moliyalashtirishga kirishadi. Agar uni yana bir bor ko‘rib qolsam, internetda juda mashhurligi, u haqda iliq fikrlar bildirishayotganini aytib, selfiga tushib olaman. Xabar muallifiga rahmat. Kimdir tayoq ustida piyolani o‘ynatib ko‘rganmi? Men harakat qilganman, umuman o‘xshamagan. Shunday ekan, iqtidorni izlaymiz. Otaxon, qayerdasiz?”.

Top