20:54 / 19.04.2016
2542

Frantsuz fizigi Per Kyuri halok bo‘lganiga 110 yil to‘ldi

1906 yilning 19 aprel sanasida fransuz fizigi Per Kyuri fojyeali tarzda halok bo‘lgandi.

Olim yomg‘irli kunlarning birida Parijning gavjum Dofin ko‘chasidan o‘tayotib, yiqilib ketadi va miya chanog‘idan katta jarohat oladi. Oqibatda uning yashashiga umid qolmaydi: uning boshi o‘tayotgan ekipajning g‘ildiraklari ostida qolgan edi. Fizik olim bir zum o‘tmay jon beradi.

Per Kyuri – fizika sohasi bo‘yicha Nobel mukofoti laureati. U yoshligidan fan bilan shug‘ullangan: 16 yoshida Parij universitetining bakalavr darajasiga ega bo‘ladi. 18 yoshida esa fizika fanlari magistriga aylanadi. Universitet talabasi bo‘lgan paytida billurlar tabiatini o‘rganadi.

Olim billur simmetriyasini aniqlashga yordam beruvchi tamoyilni yaratdi va bu ixtiroga o‘z nomi bilan “Kyuri tamoyili” deb nomlaydi.

Bundan tashqari, fizik tananing turli haroratlarda magnit xususiyatlarini o‘rganib chiqib, magnitlanish va harorat o‘rtasidagi bog‘liqlikni topadi. Keyinroq bu qonun “Kyuri qonuni” degan nomni oladi.

1897 yilda turmush o‘rtog‘i Mariya Sklodovska-Kyuri bilan birgalikda radioaktivlikni o‘rganishgan va natijada ular yangi radioaktiv elementlar – poloniy va radiyni yaratishgan. Radiatsiya hususiyati va uning biologik ta'sirini tadqiq qilishgan.

Kyuri 1903 yilda radioaktivlik tadqiqoti va radiyni yaratganligi uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Top