14:05 / 20.04.2016
7032

“Elektron soliq xizmatlari” portali ishga tushdi

Davlat soliq xizmati organlarining yangi “Elektron soliq xizmatlari” portali ishlab chiqilib, test rejimida amaliyotga joriy qilindi. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi – davlat soliq xizmati organlari tomonidan aholi va biznesga ko‘rsatiladigan elektron davlat xizmatlarini takomillashtirish, ularning xarajatlarni kamaytirish hamda soliq to‘lovchilarga xizmatlardan foydalanishda qo‘shimcha qulayliklar yaratishdan iborat.

Yangi “Elektron soliq xizmatlari” portalining bosh sahifasi ochilganda davlat soliq xizmati organi xodimi kirib keladi va foydalanuvchilarga yangi portalning imkoniyatlari to‘g‘risida qisqacha tushuntirishlar beradi.

Portalning yana bir qulayligi — bu kerakli xizmatlarni tez va oson qidirish mumkinligidir. Ya'ni, davlat soliq xizmati organlarining barcha elektron davlat xizmatlari O‘zbekiston Respublikasining “Elektron hukumat to‘g‘risidagi” Qonun talablaridan kelib chiqib interaktiv va axborot davlat xizmatlariga saralangan.

Bundan tashqari ularni qidirishni yanada soddalashtirish maqsadida, murojaatlarni va hisobotlarni yuborish, ro‘yxatga olish, soliqlarni hisoblash hamda ma'lumotnomalar olish kabi xizmat yo‘nalishlariga ajratilgan. Shuningdek, jismoniy shaxslar uchun, yuridik shaxslar uchun va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun xizmatlarni tanlash imkoniyatlari mavjud.

Yana bir yangiliklardan biri bu – barcha toifadagi soliq to‘lovchilar uchun alohida shaxsiy kabinet ochildi. Masalan, ilgari yakka tartibdagi tadbirkorlarning shaxsiy kabineti mavjud emas edi. Endilikda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ham alohida imkoniyatlar yaratildi. Shaxsiy kabinetlarga kirish qismi foydalanuvchilarning yagona identifikatsiyalash axborot tizimiga o‘zgardi.

Shuningdek, shaxsiy kabinetlarda ham soliq to‘lovchilarni bir nechta yangiliklar kutmoqda. Ulardan biri bu – mavzuga oid xizmatlar “Shaxsiy ma'lumotlar”, “Hisob kitoblarning joriy holati”, “Soliq organlari bilan yozishmalar”, “Foydali ma'lumotlar” kabi qulay navigatsiyali bloklarga ajratilganligidir.

Yangi shaxsiy kabinetda soliq organlari bilan barcha yozishmalar va xabarlar alohida blokda yig‘iladi. Bundan tashqari, shaxsiy kabinetga kirganda byudjyet hamda byudjyetdan tashqari aktual joriy ma'lumotlar taqdim etiladi.

Yangi portalda soliq to‘lovilarga xizmatlardan foydalanish, xabardor qilish bo‘yicha barcha xizmatlarning yagona standarti ishlab chiqilgan. Xususan, har bir xizmatdan foydalanuvchilar uchun qo‘llanma va xizmat bo‘yicha javvobgar shaxs to‘g‘risidagi ma'lumotlar mujassamlashtirilgan.

Endilikda soliq to‘lovchilar har bir xizmat bo‘yicha o‘z fikrlari va baholarini qoldirishi, soliq organlari esa – soliq to‘lovchilarning fikrlarini o‘rganish, taklif va e'tirozlarini ko‘rib chiqish imkoniyati mavjud.

Top