15:24 / 20.04.2016
12227

“Yulduzcha” bolalar musiqiy televizion tanlovi uchun hujjatlar qabul qilinmoqda

“Yulduzcha” bolalar musiqiy televizion tanloviga hujjatlar qabul qilinishi boshlandi.

Ushbu tanlov “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Yoshlar tashabbuslari markazi hamda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida 2016 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi”ning №41-bandi ijrosini ta'minlash maqsadida tashkil etilmoqda.

Tanlovning asosiy maqsadi - O‘zbekistonning turli hududlarida istiqomat qilayotgan iqtidorli bolalarni kashf etish, san'at sohasida o‘z imkoniyatlarini namoyon etishlari uchun ularga shart-sharoitlarni yaratib berishga qaratilgan.

Tanlov uch yo‘nalishda amalga oshiriladi:
- an'anaviy ijro;
- akademik ijro;
- estrada.

Tanlovda 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar ishtirok etadi. Loyihada ishtirok etish istagida bo‘lgan bolalar o‘z hujjatlarini (ishtirokchi anketasi) joriy yilning 20 mayiga qadar “Yoshlar ijod saroyida” joylashgan Yoshlar tashabbuslari markaziga topshirishlari yoki www.ovoz.uz saytida elektron tarzda to‘ldirishlari shart.

Tanlov bir necha bosqichlardan iborat bo‘ladi:
- saralash bosqichi;
- yarim final;
- final.

Tanlov jarayoni O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Navo” hamda “Bolajon” telekanallarida efirga o‘zatilishi rejalashtirilgan. Tanlovning hakamlar hay'ati hamda murabbiylari jamoatchilik orasida katta obro‘ga ega bo‘lgan san'at va madaniyat arboblari, estradaning yorqin yulduzlaridan tashkil etiladi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, har bir nominatsiyada g‘oliblar aniqlanadi va taqdirlanadi.

“Yulduzcha” bolalar televizion tanlovi bu – birinchi navbatda, kichik “Yulduzcha”larga katta sahnaga qadam qo‘yishlari uchun ijodiy maydondir.

Tanlov keng jamoatchilik uchun ochiq bo‘lib, saralash jarayonlarining borishi, yo‘nalishlar bo‘yicha ishtirokchilarning ijodiy chiqishlari tomoshabin va tinglovchilar tomonidan kuzatilib borilishi mumkin.

Top