17:59 / 20.04.2016
8483

Biologlar ona sutining sirini ochishdi

Tsyurix universiteti fiziologiya Instituti biologlari inson ko‘krak suti sut emizuvchilar orasida eng murakkab tarkibga ega ekanini ko‘rsatuvchi maqola chop etishdi. Unda 200dan ortiq turli shakarlar bor. Bu mol suti tarkibidagidan ko‘proq. Tadqiqot Trends in Biochemical Sciences jurnalida chop etildi.

Olimlarning fikricha, sutning tarkibi va uning emizish davri mobaynida o‘zgarib borishi chaqaloqning immun tizimi va shakllanayotgan ichak mikrobiomi – oshqozon-ichak traktida mikroorganizmlarning tarqalishi bilan bog‘liq.

Sut tarkibidagi shakar bolaning qorni to‘yishi uchun emas. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning organizmi bakteriyalardan xoli bo‘lgani sababli uglevodlar unda ichak mikroorganizmlarini yetishtirish uchun mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, ona suti patogenlar o‘sishini susaytiruvchi hamda chaqaloq qonida oq qon tanachalarini faollashtirish xususiyatiga ega intijism va molekulalarga boy. Bir oydan so‘ng, bolada orttirilgan immunitet shakllana boshlagach, sut tarkibi o‘zgarib boradi. Ona antijismlari darajasi 90 foizdan ortiq pasayadi. Shuningdek, shakarlar turli-tumanligi kamayadi, biroq bolaning o‘sishini ta'minlovchi yog‘lar va boshqa ozuqaviy moddalar soni ortadi.

Sutning ko‘plab foydali jihatlariga qaramasdan, bolalar ko‘krak sutisiz ham sog‘lom o‘sishi mumkin. Biroq ko‘krak suti bolalar o‘limini kamaytirish va ichak va nafas yo‘llari infeksiyalari xastaliklariga chalinish xavfini pasaytirish xususiyatiga ega.

Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, million yillar evolyutsiyasi mahsuli bo‘lgan ko‘krak suti tarkibi borasida chaqaloqlar uchun eng ma'qul ozuqa hisoblanadi. Lekin ko‘krak suti bilan bolani qaysi davrgacha oziqlantirish to‘g‘ri bo‘lishi hamon noma'lum. Buni har bir ona o‘zi hal qilishi lozim.

Top