20:29 / 20.04.2016
1995

Nukusda Yoshlar markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Nukus shahrida O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz!” shiori ostida o‘tkazilgan yoshlar festivali doirasida Yoshlar markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida navqiron avlodning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, jismonan sog‘lom va yuksak ma'naviyatli insonlar bo‘lib ulg‘ayishiga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. Prezidentimizning 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.

Yoshlar markazida yoshlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi, shaxmat-shashka, tasviriy san'at, raqs to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, axborot-resurs va yosh tadbirkorlar uchun maslahat markazlari, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan tantanalar zali zamonaviy jihozlangan.

Qurilish-ta'mirlash ishlari 4 milliard 400 million so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga amalga oshirildi. Markazning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash uchun 154 million so‘m, zamonaviy mebellar uchun 192 million, zarur adabiyotlar va elektron kitoblar uchun 400 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Yerniyazov so‘zga chiqdi.

Top