23:14 / 20.04.2016
2911

Olimlar odamlarni ko‘zi ojizlik kasalligidan qutqaruvchi banan navini yetishtirish ustida ishlashmoqda

Olimlarning ta'kidlashicha, bananlar ishlab chiqaradigan va o‘zida jamlaydigan karotinoid pigmentlari borasida olib borilayotgan tadqiqotlar kelajakda yangi banan navini yetishtirishda yordam beradi. Bu yangi nav A vitamini yetishmovchiligi tufayli ko‘zi ojizlik kasalligining kelib chiqishini oldini olish uchun qo‘llaniladi. Tadqiqot haqida Journal of Agricultural and Food Chemistry nashrida kengroq ma'lumotga ega bo‘lish mumkin

Ilmiy izlanish mualliflarining ta'kidlashicha, A vitamini yetishmovchiligi har yili 250 ming bolalarda ko‘zi ojizlikni keltirib chiqarar ekan, shuningdek, ularning ko‘pchiligi Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida istiqomat qilar ekan. Bundan tashqari, bir yil ichida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan bolalarning yarimi vafot etadi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, karotinoid pigmentlarini o‘zida ko‘proq jamlagan banan navlari bolalarni ko‘z ojizligi kasalligidan saqlab qoladi. Chunki karotinoid jigarda A vitaminiga aylanadi.

Olimlar bu mevada karotinoid pigmentlari qanday shaklda jamlanishini bir necha navlarda tekshirib ko‘rishdi. Shunisi ma'lum bo‘ldiki, och-sariq Cavendish navi karotinoidni yo‘q qiluvchi fermentni karotinoiddan ham ko‘proq ishlab chiqarar ekan. Asupina navidagi bananlar esa karotinoidni mikroskopik qoplarda jamlar ekan. Tadqiqot mualliflari ularning ilmiy izlanishlari bananlarning karotinoidga boy yangi navlarini yetishtirishda yordam berishiga umid qilishmoqda.

Top