15:26 / 21.04.2016
1486

IShIDning 440 nafar a'zosi Damashq yaqinidagi Zumayr shahrini tark etgan

IShID terrorchilik tashkiloti jangarilari Damashqdan 35 kilometr masofada joylashgan Zumayr shahridan chiqarib yuborilgan. Bu haqda xabar qilgan Livanning "Al-Axbar" gazetasining yozishicha, turli ma'lumotlarga ko‘ra, 290 nafar jangari va ularning 150 kishidan iborat oila a'zosi, 8ta avtobusda mamlakat shimoli, Frot daryosi sohilidagi Rakka shahriga yo‘l olgan. Avtokarvonni BMT va Suriya qizil yarimoy jamiyati vakillaridan iborat guruh nazorat qilib bormoqda.

Zumayrdagi janglar, bu yerga Suriya cho‘llaridan IShID jangarilari kirib olgach, aprel oyi boshida avj olib ketgan edi. Jangarilar, shaharning bir necha mavzesin egallab olgan, boshqa jinoiy to‘dalarning a'zolari ham ularning safiga qo‘shilgan edi. Suriya armiyasi qo‘mondonligi, tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lmasligi uchun vositachilar yordamida qurolli bo‘linmalarni olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bundan avval, terrorchilar garovga olgan fuqarolarni, xususan, sement zavodining 340 nafar ishchisini ozod etishgan edi.

20 aprel kuni, Suriya armiyasi qurshovga olgan Zabadaniy va Madaya shaharlaridan jangarilarni chiqarib yuborish bo‘yicha kelishuvning uchinchi bosqichi amalga oshirilgan edi. 250 kishi BMT karvoni kuzatuvi ostida muxolifat nazoratidagi Idlib provinsiyasiga chiqarib yuborilgan edi.

Umuman, asirlarni almashish, tinch aholini ko‘chirish va jinoiy to‘dalar a'zolarini chiqarib yuborish kelishuviga asosan, jami 1,2 ming jangariga xavfsiz yo‘l taqdim etiladi. Jangarilar ham, o‘z navbatida, Idlibdagi ikkita shia mahalsida istiqomat qiluvchi 12 mingga yaqin fuqaroning ko‘chib ketishlariga izn bergan.

Top