14:46 / 21.04.2016
1739

Toshkentda ijarachi uy egasining joniga suiqasd qildi

Sud majlisi yakuniga yetib, hukm o‘qildi. Sudlanuvchi Jamshid Erkinovga (ism–familiyalar o‘zgartirilgan) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

22 yoshni qarshi olgan J.Erkinov asli navoiylik. U poytaxtga kelib, vaqtinchalik ro‘yxatga turadi va Yunusobod tumanidagi kichik korxonalardan biriga ishga kiradi. 2014 yilning dekabr oylarida esa fuqaro Anvar Mansurovning bo‘sh turgan kvartirasini yashash uchun ijaraga oladi. Ijarada turgan uyiga tanish–bilishlarini olib kelib, maishat qilishni odat qiladi. Bundan xabardor bo‘lgan A.Mansurov ushbu holatdan norozi bo‘lib, unga bir necha marotaba tanbeh beradi.

O‘tgan yilning fevral oylari boshlarida A.Mansurov undan uyni bo‘shatishni talab qiladi. Natijada o‘rtada janjal kelib chiqadi. Ushbu janjal mushtlashishga sabab bo‘ladi. Mazkur jarayonda yosh yigit abjirlik qilib, xonada turgan sport sumkasining bog‘ichini oladi va A.Mansurovning bo‘ynidan bo‘g‘a boshlaydi. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, A.Mansurov bo‘shashib, yerga yiqiladi va joni uziladi. Uy egasini o‘ldirib qo‘yganini anglagan Jamshid uning cho‘ntagidagi avtomobil kalitini olib, marhumning ko‘chada turgan avtomashinasini o‘t oldiradi va yashirinish maqsadida voqea joyini tark etadi. Yo‘lda fuqaro R.Xojiyevaga tegishli avtomashina bilan to‘qnashib ketadi. Bu holatda ham J.Erkinov voqea joyidan qochib qoladi. Mashinani Uchtepa tumani hududidagi ko‘pqavatli uylarning tagida qoldirib, o‘zi yashirinadi.

J.Erkinov ham uzoqqa qochib keta olmadi. Qilmishi uchun qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keldi.

Top