11:57 / 25.04.2016
1452

NYT: IShIDga qarshi kurashda ko‘maklashmoqchi bo‘lgan amerikalik bir yildan ko‘proq vaqt qamoqda o‘tirdi

IShID garovga olganlarni ozod etishda FQBga yordam bermoqchi bo‘lgan AQSh fuqarosi sud va tergovlarsiz 14 oylik umrini qamoqxonada o‘tkazdi, deb yozmoqda The New York Times.

Xabar qilinishicha, 42 yoshli Tobi Lopes, Afg‘onistonda uning sinfdoshini o‘ldirib ketishgach, IShID jangarilari qo‘lga olganlarni ozod etishga hissa qo‘shishga ahd qilgan. Terrorchilarning jurnalistlarga hujum qilishni kuchaytirganlari to‘g‘risidagi xabarlar uning qarorini mustahkamlagan, xolos.

Amerikalik ijtimoiy tarmoqlar orqali terrorchilar rahbarlari bilan aloqa o‘rnatishga uringan va rejalari xususida FQBning mahalliy bo‘limini elektron maktub orqali xabardor etib borgan. Ammo uning ko‘plab xatlari e'tiborsiz qoldirilgan.

Hukumat vakillarining qanday bo‘lmasin o‘z tashabbusiga diqqatini tortish maqsadida, Lopes FQBni ishonchsizlikda ayblab maktub yuborishga qaror qilgan. Bu esa, tahdid sifatida baholangan, deb yozadi gazeta. Politsiya mahkamasi xodimlari Lopes uyiga kelib, uni hibsga olishgan. Shundan so‘ng, amerikalik 14 oy mobaynida turli qamoqxonalarda sudsiz va tergovsiz saqlangan. Bu vaqt mobaynida ruhiy ekspertizalardan ham o‘tkazilgan.

«Men va oilam boshidan kechirganlarni dushmanimga ham tilamagan bo‘lardim. Hukumatning yaxshi niyatli fuqarolari bilan shunday muomala qilishi afsuslanarlidir», — degan Lopes jurnalistlarga bergan intervyusida.

22 aprel kuni Delaver shtati prokuraturasi ruhiy ekspertizalar asosida, Lopesdan ayblovlarni bekor qilgan edi, deb yozadi NYT.

Bundan avval, AQShda noto‘g‘ri hukm sababli 33 yil qamoqda o‘tirgan kishi ozod etilgani xabar qilingan edi.

Top