07:18 / 25.04.2016
1455

Poroshenko Savchenkoning bir necha hafta ichida qaytarilishini kutmoqda

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko hozirda Rossiyada qamoqda ushlab turilgan ukrainalik harbiy uchuvchi Nadejda Savchenkoning bir necha hafta ichida Ukrainaga qaytarilishini kutmoqda, deb xabar bermoqda "Interfaks" axborot agentligi.

Poroshenko Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan oxirgi telefon orqali suhbatda "bunga umid" paydo bo‘lganini aytdi.

"Birinchi marta suhbat davomida bunga umid paydo bo‘ldi. Axir bu muammoni hal qilish algoritmi, dastlabki muddatlar haqida kelishib olingan, bu muddatlar haqida Savchenkoning onasi, singlisi va bu harakatlarni boshqarish bilan shug‘ullanayotgan vakillarga aytganman", deb aytdi Poroshenko.

Poroshenko Putin bilan suhbatlashgandan keyin Ukraina konsuli Rossiyadagi turmada Savchenkoning yoniga tashrif buyura olgan, chunki mahbusning sog‘lig‘i xavotir uyg‘otmoqda.  

Poroshenko bu vaziyatni boshqa izohlamasligini aytdi va siyosatchilarga bu jarayonga aralashmaslikni tavsiya qildi, chunki ehtiyotsiz izohlar ishga zarar qilishi va masalaning hal qilinishi muddatini ortga surib yuborishi mumkin.

"Hozir menda prezident samolyoti mening vakillarim bilan Nadejdani bir necha hafta ichida Ukrainaga qaytara olishiga qat'iy umid bor", deb ta'kidlab o‘tdi Ukraina prezidenti.

Poroshenko Savchenkoning qaytishi shaxsan u va ko‘plab ukrainaliklar uchun katta bayram bo‘lishini aytdi.

Avvalroq RBK nashridagi manba Moskva va Kiyev ukrainalik Nadejda Savchenko va rossiyalik Yevgeniy Yerofeyev va Aleksandr Aleksandrovni ozod etish mexanizmini kelishib olganini ma'lum qilgandi.

Rostov viloyatining Donetsk shahar sudi 22 martda Savchenkoni rossiyalik jurnalistlarni o‘ldirganligi uchun 22 yillik qamoq jazosi va chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun 30 ming jarimaga tortgandi. 

Kiyevning Goloseyev tuman sudi esa Ukrainada qo‘lga olingan rossiyalik Yerofeyev va Aleksandrovni 14 yillik qamoq jazosiga mahkum qilgan.

Top