20:11 / 25.04.2016
6796

U yuzlarida ajin bilan tug‘ildi, yo‘lda esa uni mo‘'jizalar kutib turardi...

Bundan 21 yil muqaddam Rossiyaning Novyy Urengoy shahrida Katya Nejyentseva nomli bir qizaloq dunyoga keldi. Chaqaloqning onasi Irina o‘z farzandiga qarar ekan, dahshatdan a'zoi badani titrab ketdi: chunki yangi tug‘ilgan chaqaloqning momiq yuzlari keksalarniki singari ajinga qoplangan edi. Er esa... Er esa barini taqdir izmiga tashlagancha, uydan bosh olib, chiqib ketdi.

Tibbiyotchilar chaqaloq nega bunday tug‘ilganiga oydinlik kiritishdi: u teri kasalliklarining kam uchraydigan turi — progeriyey xastaligiga chalingan edi. Agar statistikaga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, bu kabi dardga chalingan yuz nafardan ko‘proqni tashkil etadi xolos. Qoidaga muvofiq bu kasallik bilan tug‘ilganlar uzoq yashamasliklari kerak edi. Ammo Katyaga kelganida...

Qiz umri davomida qiynalib yashadi. Sababi tengdoshlari uning ustidan kulishar, masxara qilishar, bu esa qizga qattiq botardi. U xuddi kampirlarga o‘xshar, qalin ajinlar va osilib turgan teri uni o‘ta ayanchli ko‘rsatar edi. «Men doim o‘zimga o‘zim, axir aybim nima, deb so‘rardim, biroq javobini sira topolmasdim», — degan edi Katya bir safar bergan intervyusida. «Ana shunda men insonlarni tashqi ko‘rinish bilan emas, aksincha, aql, yaxshilik va mehr bilan hayron qoldirishga ahd qildim. Har bir odam bolasi uchun eng keraklisi bu — mehrdir».

Kuchli iroda tufayli u sinmadi. Xudo tomonidan yuqtirilgan istarasi va qat'iy fazilatlari tufayli, u do‘stlar orttirdi. Bu do‘stlar uning hech narsasiga ahamiyat bermay, unga mehr qo‘yishdi, u bilan do‘stlashishdi.

Hayot tasodiflarga to‘la. 2011 yilda u markaziy televideniyening mashhur ko‘rsatuvlaridan biriga intervyu bergani bordi. Shu sabab bo‘ldi-yu, unga mamlakatdagi yetuk plastik jarrohlari qiziqib qoldi. Yekaterina jarrohlik stoliga yotdi. Uning uchun hayot-mamot daqiqalari boshlandi.

Jarrohlikdan so‘ng, u mutlaqo boshqa insonga aylangan edi. Ana shundan so‘ng, u baxtini uchratdi. Oila qurdi. Bu ham tasodif sabab bo‘ldi: uning bo‘lajak eri Denis raqam terishda yanglishdi va Katyaning qo‘l telefoniga tushib qoldi. Bu esa katta muhabbatga zamin yaratdi. Denisning aytishicha, uning rafiqasida shunday bir joziba bor-ik, uni shu paytga qadar birorta ayolda uchratmagan.

Katya homilador bo‘lganida, shifokorlar qo‘rqib qolishdi: chunki chaqaloqqa onaning qismati tushishi mumkin edi. Ammo barchasi yaxshilik bilan tugadi va u yorug‘ olamga Gleb ismli o‘g‘il farzand keltirdi. «Xudo bizga ulug‘ ne'mat berdi, bundan ortiq yana nima bo‘lishi mumkin?» — dedi Katya baxtdan to‘lib-toshgan holda.
Nega bu qiz haqida hikoya qilib berdik?..

Inson hech qachon taslim bo‘lmasligi kerak. Hech qachon. Baxt — taqdirning sovg‘asidir. Eng asosiysi, shuni unutmaslik kerakki, barchaning o‘z shodligi bor, barchaning o‘z qayg‘usi bor. Doim yaxshilikka, yaxshilikka va eng katta yaxshiliklarga intilib yashash kerak.

Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi

Top