23:48 / 25.04.2016
1545

Ukrainaning birinchi bosh prokurori Poroshenkoni hibsga olishga chaqirdi

Ukrainaning birinchi bosh prokurori Viktor Shishkin agar hali ham lavozimini egallaganda, Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko, bosh vazir Vladimir Groysman va sobiq bosh vazir Arseniy Yatsenyukga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atgan bo‘lishini aytdi. Bu haqda Shishkin Gordon.ua nashriga bergan intervyusida ma'lum qildi.

Shishkinning aytishicha, Poroshenkoni mas'uliyatsizligi, Yatsenyukni esa vatanini sotishga harakat qilgani uchun hibsga olish lozim. "Fikrimcha, Groysmanni Oliy radadagi hiyla-nayranglar, hujjatlarni qalbakilashtirish uchun hibsga olish kerak", deb qo‘shimcha qildi Shishkin. U Ukraina "izdan chiqqani" aytgan.

Hozirda Ukraina bosh prokurori lavozimi bo‘sh turibdi. 11 aprelda bu lavozimni "Blok Petra Poroshenko" fraksiyasi raisi Yuriy Lutsenko egallashga roziligi haqida ma'lum qilgan. Biroq, Ukraina konunchiligiga ko‘ra, bosh prokuror huquqshunoslik ma'lumoti va huquq sohasida 10 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Lutsenko esa bu mezonlarga to‘g‘ri kelmaydi. 20 aprelda esa Radaga bu lavozimga nomzodlarga qo‘yiladigan talablarni soddalashtiruvchi qonun loyihasi kiritilgandi.

29 martda Rada deputatlari mamlakatning bosh prokurori Viktor Shokinning iste'foga ketishiga ovoz bergandi.

Viktor Shishkin bosh prokuror lavozimini 1991-1993 yillar davomida egallagan, 2006-2015 yillar davomida esa Ukraina Konstitutsion sudi hakami bo‘lgan.

Top