22:54 / 26.04.2016
14230

Botir Zokirov tavalludiga 80 yil bo‘ldi

Bugun o‘zbek musiqa san'atida so‘nmas iz qoldirgan Botir Zokirov hayot bo‘lganida 80 yoshni qarshilagan bo‘lar edi.

1936 yilda Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri artisti Karim Zokirov va Muqumiy nomidagi musiqali drama teatri qo‘shiqchisi Shoista Saidovalar xonadonida o‘g‘il farzand dunyoga keladi. To‘ng‘ich farzandlariga yaxshi niyatlar bilan Botir deb ism qo‘yishadi.

Zokirovlar xonadoniga ko‘plab san'at ahli namoyondalari tashrif buyurgani sababli Botirning ko‘nglida ham musiqaga nisbatan kuchli muxabbat paydo bo‘la boshlaydi. U 1952-1957 yillarda Toshkent Davlat konservatoriyasida, 1958- 1962 yillarda esa Toshkent Davlat teatr va rassomchilik institutlarida tahsil oladi. U “Yoshlik” ansambli va O‘zbek Davlat estrada orkestrining yakkaxon xonandasi sifatida faoliyat olib borgan.

Botir Zokirovning diltortar taronalari va go‘zal honishi barchani o‘ziga rom etib kelgan. Uning ijrosidagi “Yor kel”, “Arabcha tango”, “Ra'no”, “Majnun monologi”, “Seni eslayman”, “Kechalar yulduz sanab” va boshqa ko‘plab qo‘shiqlari oradan yillar o‘tsa-da, muxlislar hamon sevib tinglashadi.

Botir Zokirov nafaqat hushovoz xonanda, balki mahoratli rassom, yozuvchi va tarjimon ham bo‘lgan. U rassom sifatida “Saraton”, “Gumbazlar”, “Bolalik ko‘chasi” kabi asarlar yaratgan. Ko‘plab ocherk, hikoya, she'rlar muallifi. Shuningdek, Botir Zokirov A.d ye Sent-Ekzyuperining “Kichik shahzoda”, Ye.Shvarsning “Soya” asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

1984 yilda Botir Zokirovning sog‘lig‘i yomonlashib boradi. Shifokorlar unga jigar sirrozi so‘nggi bosqichi tashhisini qo‘yishadi. 1985 yilning 23 yanvarida O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov vafot etadi.

Xonanda vafotidan so‘ng 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov buyrug‘iga asosan “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanadi.

Top