06:46 / 26.04.2016
1313

Yerevan politsiyasi avtobusda portlovchi qurilma harakatga kelganini ta'kidlamoqda

Yerevanda 25 aprelda avtobus ichida portlovchi qurilma harakatga kelgan. Bu haqda Armaniston politsiyasi boshlig‘i Vladimir Gasparyan ma'lum qildi.

"Portlash oskolkali bo‘lmagan, u portlash to‘lqinini keltirib chiqargan", deb qo‘shimcha qildi Gasparyan. Politsiya taxminiga ko‘ra, portlovchi qurilma o‘rindiqlardan biri ostiga yashirilgan yoki yo‘lovchilardan birida bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Gasparyanning aytishicha, kuzatuv kameralari portlashni qayd qilgan.

"Portlash avtobusning o‘ng tomonida sodir bo‘lgan. Hozir videoyozuvlar bilan ishlanmoqda", deb aytdi Gasparyan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, avtobusda 9 kishi bo‘lgan, ulardan 2 nafari halok bo‘lgan, 7 nafari jarohat olgan. Jarohatlanganlarning orasida 2 nafar o‘smir va homilador ayol ham bo‘lgan, deb xabar bermoqda "Novosti-Armeniya" axborot agentligi.

Avvalroq 3 kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingandi. 

Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi vakilining ma'lum qilishicha, 2 o‘smirning ahvoli og‘ir, homilador ayol va uning homilasiga hech narsa xavf solmayapti. Jabrlanganlardan biri shifoxonaga yotishni istamay, uyiga ketgan. 

Eslatib o‘tamiz, "Bogdan" markasidagi avtobus Yerevanning Alabyan ko‘chasida mahalliy vaqt bilan soat 21:51 da portlab ketgan.

Portlash sababli Armaniston prezidenti Serj Sargsyan politsiyaga butun mamlakat bo‘ylab patrul-post xizmatini kuchaytirishni buyurdi.

Armaniston huquq-tartibot muassasalari portlash bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Top