17:50 / 26.04.2016
7099

Hilol Nasimov «O‘zbekfilm»ga direktor etib tayinlandi

Taniqli aktyor va rejissyor, ssenariynavis, Hilol Nasimov «O‘zbekfilm» aksiyadorlik jamiyati direktori etib tayinlandi. Bu haqda «O‘zbekkino» milliy agentligi saytida ma'lum qilingan.

Hilol Nasimov (1963 yilda tug‘ilgan) bunga qadar «O‘zbekfilm»da postanovkachi rejissyor lavozimida faoliyat yuritar edi. Toshkent teatr va san'at instituti bitiruvchisi (1985 yil). Kinostudiyadagi faoliyatini 1987 yilda rejissyor yordamchiligidan boshlagan.

Ko‘plab filmlarning ssenariy muallifi, hammuallifi va rejissyori hisoblanadi. Nasimov tomonidan so‘nggi yillarda suratga olingan filmlar orasida «Gumrohlar» (2014 yil), «Odnoklassniki.ru» (2013), «Tubanlik» (2012), «Muqaddas burch» (2011), «Aldangan ayol» (2010) va boshqalarni sanab o‘tish mumkin. Shuningdek, u ko‘plab filmlarda rol ijro etgan.

Eslatib o‘tamiz, 2015 yilning 15 oktabrida «O‘zbekfilm» rahbari o‘zgargan, Zamir Arinov o‘rniga Komiljon Shamsiddinov direktor vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida ishlay boshlagandi.

Top