18:49 / 26.04.2016
2069

Karimov va Putin xalqaro kun tartibidagi masalalarni ko‘rib chiqishdi

O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari Islom Karimov hamda Vladimir Putin 3 soat davom etgan norasmiy uchrashuv vaqtida xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar, ikki mamlakat o‘rtasida munosabatlar hamda mintaqadagi vaziyatni muhokama qildi. Bu haqda Putinning o‘zi rasmiy uchrashuv vaqtida ma'lum qilgan.

"Biz ikkimizda kecha norasmiy uchrashuvda bemalol o‘tirib, diplomatlar ta'biri bilan aytganda yuzma-yuz o‘tirib suhbatlashish imkoniyati bo‘ldi. Biz uch soat davomida ikki tomonlama munosabatlar, xalqaro holat va mintaqadagi vaziyat haqida batafsil gaplashdik (muhokama qildik)", deydi u O‘zbekiston prezidenti bilan rasmiy muzokaralar jarayonida.

"Bugun biz diqqatni ikki mamlakatning xalqaro tashkilotlar doirasidagi faoliyatiga qaratamiz. Qaysiki, bu tashkilotlar bizni yanada yaqinroq qilgan. Men ShHTni, ya'ni keyingi vaqtlarda siz faol ravishda ishlayotgan tashkilotni nazarda tutmoqdaman", deydi rossiyaliklar prezidenti.

O‘z navbatida, Islom Karimov Putinga Moskvaga taklif uchun minnatdorchilik bildirgan va Putinning tig‘iz grafikda ishlashiga qaramasdan ko‘pgina mavzular muhokama qilinishgan norasmiy uchrashuv uchun anchagina vaqt ajratganini e'tirof etgan.

"Men kechagi suhbatimizdan to‘la mamnun bo‘ldim va bu shunchaki qoniqish hosil qilishgina emas. Men hisoblaymanki, ushbu suhbat agar bugun bo‘lmasa, ertaga albatta o‘z samarasini beradi. Chunki, bu suhbat ochiq ruhda o‘tdi va buni ham shunchaki ochiqchasiga suhbat deb atamagan bo‘lardim", deya qayd etgan O‘zbekiston rahbari.

"Biz o‘z suhbatimizni odatdagi diplomatik yo‘sinda olib bormadik. Ko‘proq ochiq-oydinlikka urg‘u qaratdik. Men bunday suhbatlarni juda yoqtiraman. Bunday suhbatlardao‘z fikringni aniq va lo‘nda qilib ifodalash imkoni bo‘ladi va hech qanday uzundan-uzoq diplomatik iboralar o‘ylab topishning keragi bo‘lmaydi", deydi Islom Karimov.

O‘zbekiston prezidenti Putin bilan uzoq davom etgan suhbat Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida muhokama etilishi zarur bo‘lgan umumiy mavzular ko‘pligini ko‘rsatganini aytib o‘tgan.

"Bu juda yaxshi, gaplashishga mavzu bor. Ayniqsa, hozirgi sharoitda, dunyoda ko‘p voqealar yuz berayotgan kunlarda. Bu jarayon nafaqat fikr bildirish balki davlatlarning pozitsiyasini aniqlab olishni talab etadi", deya qayd etgan Islom Karimov.

Top