14:10 / 26.04.2016
1776

Putin: Chernobil insoniyat uchun jiddiy dars bo‘lgan

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning fikricha, mutaxassislar o‘zlarining fuqarolik burchlarini sidqi-dildan bajarganlari sababli Chernobil fojyeasi oqibatlari keng qamrovli bo‘lmagan.

"Chernobil butun insoniyat uchun jiddiy dars bo‘ldi. Uning salbiy oqibatlari esa, hamon tabiat va insonlar salomatligida o‘z aksini topmoqda. Fojyea qamrovi, o‘t o‘chiruvchilar, harbiy xizmatchilar, soha mutaxassislari va tibbiyot xodimlarining o‘z fuqarolik va kasbiy majburiyatlarini jasurlik bilan bajarmaganlarida bundanda jiddiy bo‘lishi mumkin edi. Ularning ko‘pchiligi, boshqalarning umrini qutqarish uchun o‘z umrlarini qurbon qilishdi", - deyiladi Putinning Chernobil AES halokati oqibatlarini bartaraf etishda qatnashganlar uchun murojaatida.

Kreml rasmiy saytida e'lon qilingan murojaatda aytilishicha, dahshatli fojyea oqibatlariga qarshi kurashganlar haqiqiy qahramonlardir.

26 aprel kuni Ukrainaning Chernobil AESda yuz bergan falokatga 30 yil to‘ldi. Unda sodir bo‘lgan portlash oqibatida, elektrstansiyaning to‘rtinchi bloki batamom vayron bo‘lgan. 30 kilometrlik radiusda istiqomat qiluvchi 115 mingdan ziyod fuqaro boshqa joylarga majburan ko‘chirilgan.

Mutaxassislarning fikricha, ushbu avariya dunyo atom energetikasi tarixidagi eng yirigi hisoblanadi. Fojyea oqibatlarini bartaraf etish ishlariga 600 mingdan ortiq kishi jalb etilgan.

Top