20:06 / 26.04.2016
4498

Rossiyalik taniqli blogerga ekstremizm bo‘yicha ayblov qo‘yildi

Taniqli bloger Anton Nosikka u tomonidan Rossiyaning Suriyadagi operatsiyasi haqidagi posti sababli ekstremizm bo‘yicha ayblov e'lon qilindi, deb aytdi "Interfaks" axborot agentligiga blogerning advokati Sergey Badamshin.

"Himoyam ostidagi Nosikka Rossiya Jinoyat kodeksining "Nafrat va adovat qo‘zg‘atish" moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yildi", deb aytdi advokat. Nosikga advokatni "Otkrytaya Rossiya" loyihasi taqdim qildi.

Ayblanuvchining javobgarlikka tortilishi haqidagi sud qarorining fotosurati Nosik tomonidan Instagram’da chop etildi. Bloger undan keyingi postida ehtiyot chorasi sifatida hech qayerga ketmasligi kerakligi haqidagi sud qarorining suratini chop etdi.

Nosikning "Jivoy jurnal"dagi maqolasi bo‘yicha jinoiy ish 2015 yil noyabrda qo‘zg‘atilgan. Blogerning 1 noyabrdagi posti tergovchilarning e'tiborini tortgan. Unda bloger Rossiya aviatsion guruhining Suriyadagi aviazarbalarini "qizg‘in ma'qullagan".

Nosikning posti matni ekspertlar tomonidan 3 marta o‘rganilgan. RBK nashrining ma'lum qilishicha, Nosikka gumonlanuvchi maqomidan ayblanuvchi maqomi berilishi bo‘yicha qaror Rossiya adliya vazirligining Volgograd sud ekspertizalari laboratoriyasi o‘tkazgan 3-ekspertizadan keyin qabul qilingan. Ular matnda "milliy-hududiy alomat bo‘yicha ajratilgan "suriyalik" shaxslar guruhiga nisbatan adovat va nafratni qo‘zg‘atuvchi lingvistik alomatlar" borligini o‘rnatishgan.

O‘tgan yil noyabrda Nosik nima ekstremizm hisoblanishi yoki hisoblanmasligiga izoh berishga tayyormasligini aytgan. U ekstremizm haqidagi qonun mavjud bo‘lgandan beri unda "ekstremizmning huquqiy jihatdan aniq ta'rifini ko‘rmaganini" aytgan. Nosik o‘z postini o‘chirmoqchi emasligi, o‘z so‘zlarini ekstremistik deb hisoblamasligi va ularda qandaydir harakatlarga chorlov ko‘rmayotganini ta'kidlab o‘tgan.

Top