14:20 / 27.04.2016
2154

O‘zbek futboli fidoyilaridan biri Vitaliy Suyunov 79 yoshida vafot etdi

O‘zbek futboli fidoyilaridan biri Vitaliy Suyunov 23 aprel, shanba kuni 79 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar bergan.

«Paxtakor» afsonalaridan biri bo‘lgan Vitaliy Suyunov ushbu jamoa safidagi faoliyatini 1960 yilda boshlagan. U sakkiz mavsum davomida «Paxtakor» sharafini himoya qilgan va jamoaning asosiy himoyachilaridan biri sifatida ko‘plab o‘yinlarda maydonga tushgan. Birgina chempionat doirasida Vitaliy Suyunov «Paxtakor» tarkibida 200dan ortiq o‘yinda ishtirok etgan. Shuningdek, u mamlakat kubogi va ko‘plab xalqaro turnirlarda qatnashgan.

Futbolchilik faoliyatini yakunlagach, Vitaliy Suyunov murabbiy sifatida ishlaydi. U 1969 yilda murabbiy sifatida faoliyatini «Paxtaorol» jamoasida boshladi. 30 yildan ortiq davom etgan murabbiylik faoliyati davomida u O‘zbekistonning ko‘plab jamoalarida hamda turli yoshdagi terma jamoalarda ish olib bordi. Uning faoliyatidagi eng yorqin davr sifatida «Paxtakor» safida o‘ynagan yillari yodga olinadi.

Top