19:58 / 28.04.2016
3981

Toshkentda talabalarning VII an'anaviy media-konferensiyasi o‘tkazildi

28 aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining anjumanlar zalida "Talabalarning VII an'anaviy media-konferensiyasi" bo‘lib o‘tdi.

Unda internet jurnalistika bo‘yicha mutaxassislar, nufuzli internet portallari va saytlari rahbarlari, OAV vakillari hamda blogerlar ishtirok etishdi.

Tadbirda axborot sohasiga doir milliy qonunchilikni takomillashtirish, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, internet jurnalistikasi uchun kadrlar salohiyatini oshirish, onlayn-jurnalistikani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ma'ruzalar tinglandi.

Bugun internet an'anaviy axborot vositalari – bosma matbuot, radio va televideniyening ustuvor jihatlarini o‘zida jamlagan yangi va ulkan axborot resursidir. Internet-nashr voqea to‘g‘risidagi axborotni yangilash borasida cheklanmagan imkoniyatga, matn uchun keng maydonga ega. Shu bilan birga, ovoz, grafika va videoma'lumotni ham bir zumda uzata oladi. Onlayn- jurnalistikaning yana bir qulayligi unda “ikki tomonlama aloqa” imkoniyati borligidir. Har bir foydalanuvchi internetda chop etilgan materialga o‘zining munosabatini bildirishi, fikrini qoldirishi mumkin.

Har yili Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti, jurnalistika fakulteti dotsenti Sherzodxon Tojiddinovich Qudratxo‘jayev tashabbusi bilan tashkil etib kelinayotgan media-konferensiyada bu safar O‘zMU jurnalistika fakulteti talabalaridan tashqari mamlakatimizning boshqa o‘quv yurtlaridan, xususan, O‘zbekiston jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistka fakulteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Singapur menejment va rivojlantirish instituti hamda JIDU talabalari ham qatnashdi.

Bu safargi mediakonferensiya uchun tanlangan mavzu – kraudfanding va kraudsorsing bo‘ldi.

Media-konferensiya yosh moderatorlar tomonidan olib borildi. Spikerlar "Kraudfanding va kraudsorsing nima?", "OAVda kraudsorsing imkoniyatlaridan foydalanish" va "Kraudfanding" mavzularida taqdimotlar qilishdi.

Tadbirning ikkinchi qismda esa yosh talabalar va internet jurnalistika sohasida tajribaga ega mutaxassislar o‘rtasida mavzular bo‘yicha munozaralar kechdi.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar “Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi spiker”, “Eng yaxshi taqdimot”, “Eng yaxshi moderator”, “Eng yaxshi savol”, “Eng yaxshi hamkor” kabi o‘ndan ortiq nominatsiyalarda esdalik sovg‘alari va sertifikatlar bilan taqdirlandi.

Konferentsiya talabalarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi bo‘yicha tajribali mutaxassislar bilan o‘zaro fikr almashishi, zamonaviy jurnalistika va media tizimining muammolari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bildirishi uchun qulay imkoniyat yaratdi.

Top