10:50 / 29.04.2016
1919

AQShlik ayol Facebook’dagi vahimali xabari uchun bir oylik qamoq jazosiga mahkum qilindi

Nyu-Meksiko shtati sudi Rozuell shahrida yashovchi Janetta Garsa Alvarezni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida maktabda vahima uyg‘otgan xabarni chop etgani uchun bir oylik qamoq jazosiga mahkum qildi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar bermoqda.

Hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, Alvarez o‘z xabarini 29 yanvarda joylashtirgan. Ayol xabarda uning o‘g‘li 8-sinfning bir necha o‘quvchisi maktabga to‘pponcha olib kelib, maktabda otishma uyushtirmoqchi bo‘lganidan xabar topganidan ogohlantirgan. Bu xabar bolalar va ularning ota-onalarini qattiq qo‘rqitib yuborgan. Xabar chop etilgan kunning ertasiga 160 ga yaqin o‘quvchi maktabga bormagan, maktabga xabardagi holat yuzasidan 100 ga yaqin qo‘ng‘iroq tushgan.

Maktab ma'muriyati Alvarezni vahima uyg‘otganlikda aybladi. Ayol sud tomonidan jamoatchilik tartibini buzganlikda aybdor deb topildi. U qamoq jazosidan tashqari, sud jarayonini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 29 dollar to‘lashga majbur qilindi.

Maktab direktori Tom Berris Alvarez ma'lumotni ijtimoiy tarmoqda chop etmay, u haqda maktab rahbariyati yoki politsiyani xabardor qilishi kerakligini aytdi. Ayolning advokati o‘z navbatida sud qarori ustidan appelyatsiya bermoqchi. U Alvarez birorta ham qonunni buzmaganini va maktab ma'muriyatiga murojaat qilishga majbur bo‘lmaganiga ishora qilmoqda.

Top