22:53 / 29.04.2016
3335

Shvetsiya hukumati betaraflik siyosatidan voz kechmoqchi emas  

Shvetsiya hanuzgacha betaraflik siyosatidan voz kechmoqchi emas. Bu haqda Shvetsiya bosh vaziri Stefan Leven va tashqi ishlar vaziri Margot Vallstrem ma'lum qildilar. Shu tariqa ular Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Moskva Shvetsiyaning NATOga qirishi holatida javob choralari qabul qilish huquqini saqlab qolishi haqidagi bayonotiga izoh berdilar. 

"Shvetsiya anchadan beri betaraf davlat hisoblanadi. Biz bu haqda dunyoga ko‘p marta aytganmiz va Moskva buni biladi", deb bosh vazirning so‘zlarini keltirib o‘tdi TT agentligi. 

"Shvetsiyaning xavfsizlik siyosati Shvetsiya tomonidan belgilanadi va boshqa hech kim bilanmas. Harbiy ittifoqlarga qo‘shilmaslik bizga yaxshi xizmat qilmoqda va o‘zgarishsiz qolmoqda", deb yozdi Vallstrem tvitterda.

Avvalroq Lavrov Dagens Nyheter shved gazetasiga bergan intervyusida Moskva Shvetsiyaning NATOga kirishi holatida javob choralari qabul qilish huquqini saqlab qolishini aytgandi. 

"Agar Shvetsiya NATOga kirishga qaror qilsa, unda bizda shvedlar bizga hujum qilishi haqida o‘ylar paydo bo‘lmaydi. Men buni darhol ayta olaman. Biroq shved harbiy infratuzilmasi bunday vaziyatda NATO bosh qo‘mondonligiga bo‘ysunadi va biz shubhasiz, bizning shimoliy sarhadlarimizda, chegaraning narigi tomonida Rossiyani tahdid deb biladigan va uni har qanday yo‘l bilan bosib turishni istaydigan harbiy-siyosiy blok mavjudligidan kelib chiqib, zarur harbiy-texnik choralar ko‘rishga majbur bo‘lamiz", deb aytgandi Lavrov. 

Lavrov qanday choralar haqida gap ketayotganini aniqlashtirmagan.

Top