19:25 / 30.04.2016
4355

Frantsuz otasining Faxriy legion ordenini "rus Rembosi" oilasiga tuhfa qildi

Suriyada halok bo‘lgan rossiyalik harbiy, xorij OAVi tomonidan "rus Rembosi" deb ta'riflangan Aleksandr Proxorenkoning jasorati Fransiyaning Agd shahrida yashovchi keksa erkakni shunchalik hayratlantirdiki, u harbiyning oilasiga oilaviy yodgorlikni tuhfa qilishga qaror qildi.

80 yoshli Daniel Kutyur Rossiyaning Parijdagi elchixonasiga uning otasi fashistlarga qarshi kurashdagi ishtiroki uchun taqdirlangan Faxriy legion ordenini yubordi. 

"Men Suriyada o‘z harbiy burchini bajarayotganda umumiy erkinlik uchun o‘z hayotini qurbon qilgan yosh rus zobitining xotirasini yod etmoqchiman. Aleksandr Proxorenko ruslarni ham, fransuzlarni ham, boshqa davlatlar odamlarini ham terrorchilik xavfidan himoya qilgan va men uning yaqinlariga Fransiyada ularning qayg‘ulariga hamdard ekanliklarini yetkazib qo‘yishni so‘rayman", deb maktub bitdi Kutyur Rossiya elchisi Aleksandr Orlovga.

Kutyur uning mamlakati prezidenti rus zobitini taqdirlashi kerakligini aytdi, deb xabar bermoqda TASS axborot agentligi.

Katta leytenant Aleksandr Proxorenko 17 martda Suriyada jangovar vazifani bajarayotganda qahramonlarcha halok bo‘lgan. U terrorchilar qurshovida qolganda, ularni yo‘q qilish uchun o‘ziga aviatsiya zarbasini chaqirtirgan.

Faxriy legion ordeni fransuz milliy ordeni hisoblanib, 1802 yil 19 mayda Napoleon Bonapart tomonidan ta'sis etilgan. Orden Fransiyaning eng oliy, faxriy unvoni hisoblanib, uning sohiblari Fransiya oldidagi alohida xizmatlari uchun taqdirlanadilar.   

Top