19:20 / 02.05.2016
12427

Er yuzidagi hayvonlarning 33 foizi butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida

30 aprel kuni Keniya poytaxti Nayrobida “qora bozor”da sotilayotgan bir vaqtda musodara qilingan 105 tonna fil suyagi va bir tonna karkidon shoxi yoqib yuborildi. Tadbir qimmatbaho suyak va shoxlarning qonunga zid ravishda sotilishiga qarshi bo‘lgan tabiatni muhofaza qiluvchi tashkilotlar tomonidan o‘tkazildi. Shu tariqa mavjud muammoga keng jamoatchilik e'tiborini jalb qilishga urinildi. Muxbirlarning xabar qilishicha, yoqilgan fil suyaklarining bahosi 100 million dollarni, karkidon shoxlarining narxi esa 80 million dollarni tashkil qilgan. Fil va karkidonlarni himoya qilish maqsadida o‘tkazilgan tadbir munosabati bilan mamlakat prezidenti Uxuru Keniatta bayonot berib, Osiyo mamlakatlarida talab ortib borayotgan fil suyagi bilan savdo-sotiqlar to‘xtatilishi kerakligini eslatib o‘tdi. Prezidentning so‘zlariga qaraganda, brakonerlik xalqaro uyushgan jinoiy guruhlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda ekan. Bu, o‘z navbatida, korrupsiyani keltirib chiqarmoqda. Interpolning yovvoyi tabiatni muhofaza qilish bo‘limining yillik byudjyeti 300 ming dollarni tashkil qilishi ham muammoni bartaraf etishga imkon bermasligi kundek ravshan. Ekzotik hayvonlarning noqonuniy savdosi ko‘plab insonlarning halok bo‘lishiga ham sabab bo‘ladi. Hayvonlarni himoya qilish xalqaro jamg‘armasi (IFAW) ma'lumotlariga ko‘ra, qurolli brakonerlar tomonidan Afrikada har yili yuzdan ortiq yeger o‘ldiriladi.

Bugungi kunda jahon mamlakatlarining xuquq-tartibot idoralari jinoyatchilikning yangi turlari, jumladan, hayvonat va o‘simliklar dunyosi bilan bog‘liq yangi jinoyatlar paydo bo‘layotganidan bong urishmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu kabi jinoyatlar oqibatida karkidon va fillarning hayoti xavf ostida qolgan. Buyuk Britaniyadagi tabiatni muhofaza qiluvchi tashkilot vakillarining fikricha, agar mavjud muammolarning oldi olinmaydigan bo‘lsa, u holda oradan 20 yil o‘tib,  yovvoyi tabiatda fil va karkidonlardan asar ham qolmaydi. Tahlilchilarning fikricha, har yili brakonerlar tomonidan Afrikada 35 minga yaqin fil va mingdan ortiq karkidon o‘ldiriladi. Bunga jahon “qora bozori”da fil suyagi va karkidon shoxiga bo‘lgan talabning ortib borishi  sabab bo‘lmoqda. Shuni ta'kidlash kerakki, o‘tgan asrning 70-yillarida Afrika mamlakatlarida 1 million 200 ming fil ro‘yxatga olingan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 400 mingtani tashkil qiladi. 

Faollar fil suyagi va karkidon shoxidan mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar va bu mahsulotlar bilan savdo qiluvchi do‘konlarning berkitilishini talab qilishmoqda. Bundan tashqari, brakonerlarga nisbatan jazo choralari kuchaytirilishi va yo‘qolib borayotgan hayvonlarni himoya qilish maqsadida jiddiy tadbirlarni amalga oshirish lozimligi ham aytiladi. Olimlarning fikricha, fil va karkidonlarning yo‘qolib ketishi tabiatga ham jiddiy ziyon keltirishi mumkin. Yovvoyi tabiatda karkidonning insondan boshqa dushmani yo‘q. Ekspertlarning fikricha, brakonerlar shu qadar ko‘p fillarni o‘ldirmoqdaki, bu jonivorlar ko‘payishiga imkoniyat bo‘lmayapti.
Keniya Afrika fillari butunlay yo‘q bo‘lib ketgan mamlakatlar qatoriga kirgan. Burundi, Gambiya, Mavritaniya va Svazilendda ham fillar butunlay yo‘q bo‘lib ketdi. Ayni damda fillar bir qator mamlakatlarda davlat muhofazasiga olingan.

Birgina Mozambikda brakonerlik sanoat darajasiga chiqib oldi. So‘nggi 8-10 yil mobaynida bu mamlakatda brakonerlarga nisbatan deyarli jazo qo‘llanilmadi. Shundan so‘ng hukumat brakonerlik to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritishga qaror qildi. Bu qonun 2014 yil so‘nggida kuchga kirdi. Unga ko‘ra brakonerlarga nisbatan 12 yillik qamoq jazosi qo‘llaniladi. Ungacha esa brakonerlar ozgina jarima to‘lashar va ularning o‘q otar quroli musodara etilardi, xolos.

Jahondagi karkidonlarning 93 foizi Janubiy Afrika Respublikasida yashaydi. Mazkur mamlakatda avvallari bir yilda o‘ldirilgan karkidonlar bugungi kunda bir haftada yo‘q qilinmoqda. Brakonerlar jonivorlarni o‘ldirib, faqat shoxlarini kesib olishadi. Vaziyat shu darajaga yetib bordiki, endilikda hukumat Kryuger Milliy bog‘i chegaralarini qo‘riqlashga muntazam armiya bo‘linmalarini yubordi. Shuningdek, yegerlar soni ham ko‘paytirildi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasi o‘laroq o‘ldirilayotgan jonivorlar soni bilan bir qatorda qo‘lga olingan brakonerlar ham ortib bormoqda.

Karkidon shoxining og‘irligi 15 kilogrammni tashkil qilib, har bir kilogramm uchun 65 ming dollar to‘lanadi. Bu oltin narxidan ham qimmat deganidir. Karkidon shoxidan, asosan, Sharq tabobati va zargarlik mahsulotlarini yasashda foydalaniladi, shuningdek, Yaqin Sharq mamlakatlarida pichoq sopi yasaladi. Bu, o‘z navbatida, nafaqat tirik fil va karkidonga, balki muzeylarga qo‘yilgan eksponatlarga ham qiziqishni kuchaytirib yubordi. Yevropol ma'lumotlariga ko‘ra, 16 mamlakatdagi tabiat muzeylariga xalqaro jinoiy guruh kamida 58 marta o‘g‘irlikka tushgan. To‘g‘ri Yevropa mamlakatlari qo‘l qovushtirib o‘tirganlari yo‘q. Masalan, Fransiyada fil suyagi va karkidon shoxidan yasalgan buyumlarning auksionga qo‘yilishi taqiqlandi. Yevropadagi bir qator muzeylarda karkidon shoxlari berkitib qo‘yilmoqda. Berndagi Tabiat Muzeyidagi oltita karkidon shoxi yog‘och shox bilan almashtirib qo‘yildi.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, o‘simlik va hayvonlarning noqonuniy savdo aylanmasi bir yilda 8–10 milliard dollarni tashkil qiladi. Ekzotik hayvonlar savdosi daromad topish bo‘yicha noqonuniy giyohvand moddalar, qurol-yarog‘ va odam savdosidan keyingi to‘rtinchi o‘rinda turadi. Brakonerlar nafaqat fil va karkidonlar hisobiga, balki Amazonka havzasida yashovchi noyob parrandalar hisobiga ham kun kechiradi. Braziliyadagi bir dona noyob va chiroyli to‘tining bahosi 90 ming dollarga teng ekanligidan ko‘p narsani anglash mumkin. Ekzotik hayvonlar kontrabandasi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlar mahalliy politsiya, harbiy, yarim harbiy tashkilotlar va isyonkorlar bilan til biriktirayotganidan ham aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Tahlilchilarning fikricha, hayvonlar kontrabandasidan topilgan mablag‘lar ayrim mintaqalarda fuqorolar urushi va terrorchilarni moliyalashga sarflanmoqda.

Bu illatga qarshi xalqaro shartnomalar qabul qilinayotgan, hukumat va nohukumat tashkilotlari ko‘rayotgan chora-tadbirlarga qaramay hayvonlar qimmatbaho terisi, suyagi va go‘shti uchun ovlanishda davom etmoqda. Fil suyagining noqonuniy savdosi esa bir yilda 165 million dollardan 188 million dollarga chiqadi. Karkidon shoxlari savdosi esa 63 million dollardan 192 million dollarni tashkil qilishi aytiladi. Brakonerlarning aybi bilan hayvonat va o‘simliklar dunyosining ayrim turlari yo‘q bo‘lib ketish yoqasiga kelib qoldi. Darhaqiqat, sayyoramizdagi bioxilma-xillik kun sayin qisqarib bormoqda. Olimlarning fikricha, insoniyat tarixidagi bu galgi hayvonat dunyosining yo‘q bo‘lib ketishi hisob bo‘yicha oltinchisi ekan. Bundan avalgi besh marta bioxilma-xillikning yo‘qolishi oqibatida qanday fojyealar yuz berganini taxmin qilish mumkin. Eng fojyeali tomoni shundaki, bu gal bioxilma-xillik insonlarning aybi bilan yo‘qolmoqda. Uch avlod ko‘z o‘ngida hayvonlarning ommaviy qirilishi yuz beradi.

1500 yildan shu kunga qadar sanoat rivojlanishi va atrof-muhitning ifloslanishi tufayli yovvoyi tabiatda hayvonlarning 320 dan ortiq turi yo‘q bo‘lib ketgan. Hayvonot va o‘simliklar dunyosining kamayib ketishi iqlim o‘zgarishlariga salbiy ta'sir ko‘rsatishini aslo yoddan chiqarish kerak emas. Stendford universiteti olimi, biolog Rodolfo Dirtsoning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda yer yuzidagi hayvonlarning 16 foizidan 33 foizi butunlay yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan ekan. Bularning hammasi biz insonlarning aybi bilan bo‘layotganini yoddan chiqarmaylik. Inson bo‘lib keldik, inson bo‘laylik. Yer nafaqat biz insonlarning, balki katta va kichik, yirtqich va muloyim, xunuk va chiroyli hayvonlarning ham uyi ekanini unutmaylik. Nima bo‘lganda ham jonivorlarning har biri o‘ziga xos bo‘lib ularni saqlab qolish tabiatdagi muvozanatni saqlab turishga xizmat qiladi.

Sharofidin To‘laganov

Top