09:45 / 03.05.2016
2824

Braziliya sudi WhatsApp’ni uch kunga to‘sib qo‘yishni buyurdi

Braziliya sudi mamlakat hududida WhatsApp messenjerini uch kunga to‘sib qo‘yish qarorini chiqardi. Bu haqda O Globo nashri xabar bermoqda. 

Qaror 26 aprelda chiqarilgan va 2 maydan kuchga kirdi. Uning ta'siri Braziliyaning 5 ta asosiy mobil operatoriga taalluqli bo‘ladi, ularga 3 kun ichida messenjerdan kelayotgan ma'lumotlarni uzatish taqiqlanadi. Qarorni buzgan operatorlar 500 ming real (140 ming dollarga yaqin) jarimaga tortiladi.

Avvalroq ham Braziliya sudi ushbu messenjerni to‘sishni talab qilgandi. WhatsApp’ning 48 soatlik to‘silishi davomida Telegram messenjeriga bir necha million yangi foydalanuvchi qo‘shilgani aniqlangan.

Mark Tsukerberg o‘sha holatni "Braziliya uchun qayg‘uli kun" deb atagandi. Oqibatda Braziliya politsiyasi Facebook’ning Lotin Amerikasidagi bo‘limi vitse-prezidenti Diyego Dzodanni hibsga olib, undan jinoiy ishlardan biri bo‘yicha gumonlanuvchining WhatsApp orqali yozishmalarini oshkor qilishni talab qilgandi.

Top