06:27 / 03.05.2016
22932

Butun dunyoda kutilgan g‘alaba: "Lester" Angliya chempionati tarixida birinchi marta chempion bo‘ldi

"Lester" futbol klubi 2015/16 yillardagi mavsum natijalariga ko‘ra Angliya chempionati tarixida birinchi marta chempion bo‘ldi. "Lester" bunga chempionat yakunlanishiga 2 tur qolganda muddatdan avval muvaffaq bo‘ldi.

Bu Londonning "Tottenhem" klubi 2 may kungi uchrashuvda mehmonda "Chelsi"ni yuta olmagandan keyin yuz berdi. "Stemford Brij"da o‘tgan uchrashuv 2:2 hisobi bilan yakunlandi.

Uchrashuvda hisobni 35-daqiqada Harri Keyn goli evaziga mehmonlar ochdi. Tanaffusga bir daqiqa qolganda "Tottenhem" Sonning aniq zarbasi evaziga hisobni 2 ta to‘p farqiga keltirdi. Tanaffusdan keyin mezbonlar hisobni tenglashtira olishdi: avval Gari Kexill 58-daqiqada hisobni qisqartirdi, o‘yin tugashiga 10 daqiqa qolganda esa Eden Azar o‘z hisobiga gol yozib, o‘yindagi yakuniy hisobni o‘rnatdi.

Shu tariqa, "Lester" chempionat tugashiga 2 tur qolganda o‘ziga APLda chempionlikni ta'minlab qo‘ydi. Klub hisobida 77 ochko jamg‘arildi. 2-o‘rinda borayotgan "Tottenhem" esa 70 ochko bilan qoldi va u peshqadamga yetib olish uchun barcha imkoniyatlardan mahrum bo‘ldi.

Klaudio Raneri shogirdlari o‘tgan mavsumda 14-o‘rinni egallagan edi. Bungacha klubning APLdagi eng yuqori natijasi 1928/29 yillardagi mavsumda 2-o‘rinni egallagani bo‘lgan.

"Lester" Angliya chempionatini yutgan 24-klub bo‘ldi.

Angliya chempionatida shu kungacha chempionlik unvonini eng ko‘p "Manchester Yunayted" qo‘lga kiritgan, jamoa APLda 20 marta chempion bo‘lgan. Bu borada 2-o‘rinni 18 ta chempionlik unvoni bilan "Liverpul", 3-o‘rinni 13 ta chempionlik unvoni bilan "Arsenal" egallamoqda.

"Lester" mavsum yakunlangandan keyin 93 mln funt sterling oladi. Ulardan 57 mlni uchrashuvlarga telenamoyishlarni sotish huquqidan, 14 millioni 16 ta uchrashuvni namoyish qilganlik uchun Sky va BT Sport telekompaniyalaridan va 25 mlni chempionlik uchun bonus sifatida olinadi.

"Lester"ning jazoirlik yarimhimoyachi Riyoz Mahrez Angliya professional futbolchilari uyushmasi (PFA) talqini bo‘yicha APLning mavsumdagi eng yaxshi o‘yinchisi unvonini oladi. U bunday yuqori natijaga erishgan birinchi afrikalik futbolchi bo‘ladi. Mavsum natijalari bo‘yicha musobaqaning ramziy terma jamoasiga Mahrezdan tashqari, "Lester"ning yana 3 nafar o‘yinchisi: hujumchi Jyeymi Vardi, yarimhimoyachi N'Golo Kante va himoyachi Ues Morgan kiritildi. Shuningdek, ushbu jamoadan "Tottenhem"ning 4 futbolchisi (Keyn, Dele Alli, Tobi Alderveyreld va Denni Rouz), "Manchester Yunayted" darvozaboni David de Xea, "Arsenal" himoyachisi Ektor Belerin va "Vest Xem" yarimhimoyachisi Dmitriy Payye ham o‘rin oldi.

Ko‘plab bukmekerlik idoralari "Lester"ning joriy mavsumdagi g‘alabasi uchun 5000 ga 1 nisbatda stavkalar qabul qilishgan. Britaniyaning William Hill kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, u "Lester" chempion bo‘lishiga pul tikkanlarga 2 mln funt sterling to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Aprelda Hollivud aktyori Tom Xenks klubning g‘alabasiga 100 funt sterling tikkanini aytib bergandi. Taqqoslash uchun, masalan, Gretsiya terma jamoasining Yevropa chempionatida yutishiga stavkalar 100 ga 1 ni tashkil qilgandi. Ya'ni bu degani "Lester"ning chempion bo‘lishiga ishonch unchalik ham katta bo‘lmagan.  

Ushbu chempionlik unvoni "Lester" bosh murabbiyi Klaudio Raneri uchun faoliyatidagi birinchi chempionlik unvoni bo‘ldi. Bungacha 64 yoshli italiyalik mutaxassis Ispaniya ("Valensiya", "Atletiko"), Italiya ("Parma", "Yuventus", "Roma", "Inter", Fiorentina", "Napoli", "Kalyari"), Fransiya ("Monako"), Angliya ("Chelsi") chempionatlarida faoliyat yuritgan, biroq hali biror marta shu davlatlar milliy chempionatlarida g‘olib bo‘lmagandi.

 

 

Top