21:08 / 04.05.2016
7771

Angliya futbol assotsiatsiyasi «Chelsi» va «Tottenhem»ga ayblov e'lon qildi

Angliya futbol assotsiatsiyasi (FA) APL doirasidagi «Chelsi» va «Tottenhem» jamoalari uchrashuvidagi tartibsizliklar uchun jamoalarning ikkalasiga ham ayblov e'lon qildi.

The Telegraph nashri bergan xabarga ko‘ra, «shporlar» shundoq ham jamoaning bir yo‘la to‘qqiz futbolchisi ogohlantirish olgani uchun ham avtomatik tarzda jazoga tortiladi.

Angliya futbol assotsiatsiyasi o‘yinning 45 va 87-daqiqalaridagi vaziyatga e'tibor qaratgan. Bu vaqtda futbolchilar dahanaki jangga kirishgandi. Shuningdek, o‘yin tugagani haqidagi hakam hushtagi yangragach, ommaviy tartibsizlik kelib chiqdi, bu vaziyatda mezbonlar futbolchisi Sesk Fabregas raqiblaridan bir nechtasiga zarba bergan, mehmonlar vakili Mussa Dembele esa Diyego Kostaning yuziga chang solgan. Talato‘p vaqtida «Tottenhem» himoyachisi «Chelsi» bosh murabbiyi Guus Hiddinkni yerga qulatgan.

Mussa Dembelega alohida ayblov e'lon qilingan, uning Kostaga nisbatan sportga xos bo‘lmagan xatti-harakati (u raqibning ko‘ziga qo‘lini tiqib olmoqchi bo‘lgan) uchun uzoq muddatga diskvalifikatsiya qilinishi mumkin.

O‘yin hakami Mark Klattenburg va uning yordamchilari o‘yin yakunlanganidan keyingi vaziyatdan chetda qolishgan, lekin kameralarga muhrlangan videoyozuvlar FA yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan.

FA tartiblariga ko‘ra, futbolchilarning o‘yin vaqtida sportchiga xos bo‘lmagan harakatlar amalga oshirishi kamida 3ta o‘yinga diskvalifikatsiya qilishga asos bo‘ladi.

Hakam tomonidan protokolga kiritilmagan vaziyatlar assotsiatsiyaning sobiq 3 nafar yuqori malakali hakami tomonidan ko‘rib chiqib baholanadi. Ularning har biri vaziyatlarga o‘z yondashuvlarini bayon etishadi. Ularning fikri bir joydan chiqsa, aybdorlar jazolanadi.

Dembeleda o‘ziga qo‘yilgan ayblovga munosabat bildirish uchun 5 may kuni kechgacha vaqt bor. Jamoalar esa ayblovga o‘z javoblarini 9 may kuni kechgacha ma'lum qilishlari mumkin.

«Tottenhem» futbolchilari «Chelsi»ga qarshi o‘yin oxiridagi tartibsizlik vaqtida Hiddinkni gazonga qulatishdi

«Chelsi» va «Tottenhem» uchrashuvi vaqtida futbolchilar o‘zlarini yomon tutgani uchun ikki jamoa ham jazolanishi mumkin

Dembele Kostaning ko‘ziga qo‘lini tiqib olmoqchi bo‘lgani uchun uzoq muddatga diskvalifikatsiya qilinishi mumkin

Top