17:20 / 04.05.2016
5578

Bloomberg ekspertlari rublning navbatdagi qulashini bashorat qilmoqda

Rossiya milliy valyutasi kursi yaqin orada tushishni boshlaydi. Bloomberg agentligi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda javob bergan tahlilchilar, iqtisodchilar va treyderlar shunday fikrda. Yil boshidan beri rus rubli 14 foizga ko‘tarilgan, ammo ekspertlarning bashoratlariga tayangan agentlikning bildirishicha, Rossiya valyutasi yil oxirigicha erishgan natijasining qariyb yarmini boy berishi ham mumkin. 

Tarix ham rublga qarshi guvohlik bermoqda, deydi Amerikaning moliyaviy axborotlar agentligi. So‘nggi 12 yil mobaynida Rossiya rubli may oyida pasayib kelgan. Aksariyat tahlilchilarning fikricha, rublning yangi qulashi neft narxining arzonlashuvi bilan bog‘liq bo‘ladi. Ularning taxmin qilishlaricha, bir dollar 70 rublgacha ko‘tarilishi mumkin. Umuman so‘rovda 35 nafar ekspert ishtirok etgan. 

«Biz yaqin orada neft kotirovkalari turg‘un bo‘lishiga ishonmaymiz. Rubl kursi esa neft narxiga bevosita bog‘liqdir», — deb qayd etgan UBS Group AG’ning rivojlanayotgan bozorlardagi investitsiyalar bo‘yicha direktori Xorxe Mariskal. UBS bashorati — 3 oydan so‘ng dollar kursi 73 rublga teng bo‘ladi.

«Neft narxining bir maromga kelishi kechikish bilan amalga oshadigan hodisadir, ayni shu jarayon boshlanishi bilan rubl kursining may oyi ikkinchi yarmidan pasayishini kuzatamiz», — deydi «Veles Kapital» kompaniyasi direktori Yevgeniy Shilenkov.

Sputnik Asset Management ijrochi direktori Aleksandr Losev, o‘z navbatida, may oyining rubl uchun 3ta xatarini sanab o‘tgan. Bular neft narxi, kapitallarning chiqib ketishi va Rossiya markaziy bankining zaxiralarni to‘ldirish maqsadida xorijiy valyutani sotib olishidir. 
Ayni chog‘da Rossiya rubli rasmiy kursi 1 dollar 66,45 rubl, 1 yevro — 76,31 rubl sifatida belgilangan.

Top