15:59 / 04.05.2016
4073

O‘zbekistonlik eksportchilar birinchi tashqi savdo ye-platformasini yo‘lga qo‘ydishdi

O‘zbekistonda UzTrade - birinchi tashqi savdo elektron platformasi yo‘lga qo‘yilib, u tovar ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotlarini eksport qilishga yordam beradi. Bu haqida O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi (TIAISV) Sputnik nashriga ma'lum qildi. 

TIAISV va "Savdoni rag‘batlantirish" loyihasining hamkorlik dasturi eng avvalo kichik biznes va xususiy tadbirkorlik vakillarining tashqi bozorlarga chiqishini ta'minlashi kerak.

"UzTrade O‘zbekistonda birinchi elektron tashqi savdo platformasi hisoblanadi, unda mamlakatning har bir korxonasi xorijlik xaridorlar uchun ishlab chiqarilayotgan mahsulotning sifat va texnik parametrlari, ta'minot sharoitlari va eksport narxlarini o‘z ichiga olgan barcha zarur ma'lumotlarni joylashtiruvchi shaxsiy internet sahifasini yaratishi mumkin", - deya izoh berdi TIAISV qoshidagi "O‘ztadbirkoreksport" AJ marketing bo‘limi mutaxassisi Irina Korshikova.

Shu bilan birga u yangi platformaning funksional imkoniyatlari korxonaning har bir xodimiga "shaxsiy kabinet" ochishni ko‘zda tutganini ta'kidladi, bu eksport shartnomasini tuzishda ulgurji sotib oluvchilar bilan muzokara olib borishga yo‘l ochadi. 

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, bu ulkan elektron "supermarket"da bugungi kunga kelib mingdan ortiq ishlab chiqaruvchilar registratsiyadan o‘tagan, ular o‘zlarining uch mingdan ortiq mahsulotlari haqida ma'lumotlar joylashtirishgan. Korxonalarning tarmoqdagi ishtirokini yanada faollashtirish uchun mutaxassislar kelgusida onlayn-to‘lovli eksport shartnomasining proformasini shakllantirish tizimini yo‘lga qo‘yishmoqchi. 

Shuningdek, O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarining savdo maslahatchilari ham UzTrade orqali faoliyatga jalb etiladi, ular o‘z navbatida potensial mijozlarni yangi imkoniyatlardan xabardor qilib turishadi. Bularning barchasi bir bo‘lib, o‘zbek mahsulotining eksportiga xorijdan yirik xaridorlar va importerlar jalb qiluvchi yagona samarali mexanizmni shakllantirishi kerak. 

"Savdoni rag‘batlantirish" loyihasi O‘zbekistondagi inklyuziv taraqqiyotni tovarlarning raqobatbardoshligi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirish hamda ularning savdodagi ishtirokini kengaytirish yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Loyiha ekspertlari milliy qonunchilikning Butunjahon savdo tashkiloti normalariga muvofiqligi tahlilida yordam ko‘rsatishadi.

Top