10:42 / 05.05.2016
3101

Burundining sobiq prezidenti vafot etdi

Burundining sobiq prezidenti Jan-Batist Bagaza olamdan o‘tdi. U 4 may kuni Bryussel shifoxonasida 69 yoshida vafot etgan. Bu haqda Sinxua agentligiga tayanib TASS xabar berdi. 

Jan-Batist Afrikadagi bu davlatni 1976-1987 yillarda boshqargan.

Burundi hukumati sobiq davlat rahbarining vafoti tufayli mamlakatda uch kunlik motam e'lon qildi.

Jan-Batist Bagaza tutsi qabilasidan chiqqan. Uning hukumat tepasiga kelishi arafasidagi yillarida tutsi hamda xutu qabilalari o‘rtasida tez-tez qonli to‘qnashuvlar bo‘lib turar edi. 

1976 yilda polkovnik Jan-Batist Bagaza bosh shtabga rahbarlik qilgan davrda harbiy to‘ntarish amalga oshirdi, natijada Burundining birinchi prezidenti tutsi qabilasi vakili Mishel Michombergo hukumatdan ag‘dariladi. Bagaza davlatga rahbarlik qilgan davr deyarli tinch o‘tgan. U 1987 yili qon to‘kmasdan amalga oshirilgan harbiy to‘ntarish davomida hokimiyatdan chetlatiladi. Uning o‘rniga tutsi qabilasidan Per Buyoya prezident etib tayinlanadi. 

Bagaza avvaliga Uganda keyin Liviya davlatida qochqinlikda yashaydi. 1994 yili u Burundiga qaytadi. U milliy tiklanish partiyasini boshqardi va bir umrlik senator maqomini oldi.

Top