19:54 / 05.05.2016
26102

Qamchiq dovonida harakat to‘liq hajmda qayta tiklandi

Qamchiq dovonida yuz bergan yer ko‘chishi oqibatlari to‘laligicha bartaraf etildi, avtomobillar harakati esa to‘liq hajmda qayta tiklandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vazirliklar vazirligidagi manbaga asoslangan holda Sputnik agentligi xabar tarqatgan.

Manbaning ma'lumotiga ko‘ra, dovonda ish olib borayotgan maxsus xizmatlar barcha kerakli texnika va jihozlar bilan ta'minlangan, shu bois, ko‘chki oqibatlarini qisqa muddatda bartaraf etishga muvaffaq bo‘lindi.

"Mutaxassislar kechadan buyon kechasiyu-kunduzi uzluksiz ish olib borishdi, 5 may kuni harakat qisman yo‘lga qo‘yilgan edi va sekin-asta to‘liq hajmda qayta tiklandi”, — deb ta'kidlagan u.

Mutaxassislar kelajakda shunday hodisalar qayta takrorlanmasligi uchun hozirda tog‘ yonbag‘irlarini o‘rganishmoqda. Shuningdek, mustahkamlash ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 4 may kuni taxminan soat 14:00da Qamchiq dovonining Namangan viloyati Pop tumani hududidagi qismida ko‘chki sodir bo‘ldi. Sodir bo‘lgan ko‘chki ostida ikkita avtomashina qolib ketgan. Natijada 5 kishi qurbon bo‘lgan, o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar evaziga 6 kishining hayotini saqlab qolingan.

Ma'lumot uchun, Qamchiq dovoni dengiz sathidan 2,2 km balandlikda joylashgan bo‘lib, ushbu dovon orqali O‘zbekistonni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘lovchi yagona yo‘l o‘tgan. Har kuni ushbu yo‘ldan 20 mingga yaqin avtomobil qatnaydi.

Qish vaqtida dovonda avtomobillar harakati murakkablashadi. Qor ko‘p bo‘lganda va yer muzlaganda yo‘l vaqtincha yopilishi ham mumkin. Yaqin orada ushbu dovon orqali temir yo‘l harakati ham yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.

Top