12:52 / 05.05.2016
2811

OAV: Airbus konveyerda ishlash uchun robot-gumanoidlarni yaratmoqchi

Airbus kompaniyasi Fransiya va Yaponiya olimlari bilan  hamkorlikda konveyer liniyalari hamda samolyotlar ichida odamlar bilan birga xizmat ko‘rsatuvchi robot-gumanoid yaratish ustida ishlamoqda. Bu haqida Financial Times gazetasi xabar berdi. 

Nashriyotning ma'lumotlariga ko‘ra, aviaqurilish kompaniyasi Tokioda joylashgan Joint Robotics labaratoriyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarishdagi murakkab vazifalarni bajarishga qodir odamsifat robot yaratish ilmiy-tadqiqot loyihasini qo‘llab-quvvatlashdi. Yangi robotlashtirilgan texnologiyani yaratishga to‘rt yil muddat ajratildi. Kompaniya 10-15 yildan keyin bunday robotlarning zavodlarda faoliyat ko‘rsatishiga umid qilmoqda. 

Yangi robotlar mavjud robot modellariga nisbatan yengilroq va epchilroq bo‘ladi. Ular xuddi insonlar kabi o‘tirishi va egilishi mumkin. Shuningdek odamlarga duch kelganda va qo‘l bilan unga tekkanda to‘xtay olishi uchun robotlarni ko‘plab datchiklar bilan ta'minlashadi. 

Kompaniya o‘z navbatida mashinalar xodimlarning o‘rnini bosolmasligini ta'kidlamoqda. "Odamsifat robotlarning yaratilishi ishlab chiqarish jarayonida aviatsiyaning yig‘uvchi liniyasida operatorlarga eng murakkab va jismonan qiyin bo‘lgan vaziyafalarni bajarishga yordam beradi", - dedi Airbus. 

"Shunday ishlar borki, ularni ishchilar bajargisi kelmaydi, shunday holatlarda ularga robotlar yordamga keladi", - deya ma'lum qildi loyiha tadqiqotchilaridan biri.

"Biz bu robotlarning ishlashga qodirligini ko‘rsatdik. Endi ularning sanoatda ishonchli ekanligini isbotlashimiz kerak", - qo‘shimcha qildi u.

Top