09:35 / 05.05.2016
3008

Tramp partiya nomidan nomzodi e'lon qilingungacha o‘z ma'muriyati tarkibini e'lon qilishi mumkin

AQSh prezidenti lavozimiga nomzod  Donald Tramp saylovlarda g‘olib bo‘lguncha va Respublikachilar partiyasi nomidan prezidentlik lavozimiga nomzodi e'lon qilingungacha o‘z ma'muriyati tarkibini e'lon qilishi mumkinligini aytdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.  

"Menga biz Klivlenddagi qurultoyga borguncha biror ishni bajarib qo‘yish g‘oyasi xush kelmoqda. Ha men buni qila olaman va fikrimcha bu ijobiy qabul qilinadi", deb aytdi Tramp bu boradagi tegishli savolga javoban Fox News efirida.

Avvalroq Trampning Respublikachilar partiyasidan so‘nggi raqibi Jon Keysik prezidentlik poygasidan chiqishi ma'lum bo‘lgandi.

Bundan avvalroq Indiana shtatidagi praymerizdagi mag‘lubiyatdan keyin Texasdan senator Ted Kruz ham prezidentlik poygasidan chiqib ketgandi. Endi Tramp partiyadan yagona nomzod bo‘lib qoldi. 

Demokratchilar partiyasidan ikki nomzod – Vermont shtatidan senator Berni Sanders va AQShning sobiq Davlat kotibi Xillari Klinton hali kurashni davom ettirmoqdalar.

Top