13:55 / 06.05.2016
8264

Andijondagi oliy o‘quv yurtlari olimlari 2007-2015 yillarda 142 innovatsion g‘oya, texnologiya va loyihalar ishlab chiqishdi

Andijon viloyatidagi oliy o‘quv yurtlari olimlari tomonidan 2007-2015 yillarda 142 innovatsion g‘oya, texnologiya, ishlanma va loyihalar ishlab chiqildi. Ularning 50ga yaqini amaliyotga tatbiq etilgan, deya xabar beradi O‘zA.

Prezidentimizning 2008 yil 15 iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Mazkur qaror ijrosi doirasida an'anaviy o‘tkazilayotgan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi innovatsion va ilg‘or texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish, ishlab chiqaruvchilar hamda ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

– IX innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasining Andijon viloyati hududiy yarmarkasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari hamda boshqa idoralar tasarrufidagi institut, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik muassasalarining qishloq xo‘jalik, mashinasozlik, energiyani iqtisod qilish, farmatsevtika yo‘nalishlari bo‘yicha 250 dan ortiq innovatsion texnologiya, ishlanma va g‘oyalari namoyish etildi, – deydi Andijon davlat universiteti ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Baxtiyor Rasulov. – Universitetimiz olimlari yigirmadan ziyod innovatsion texnologiya, ishlanma va g‘oyalari bilan ishtirok etdi. Ishlab chiqaruvchilar, fermerlar bilan umumiy qiymati 274,2 million so‘mlik 16 shartnoma imzolandi.

Darhaqiqat, olimlar tomonidan taqdim etilayotgan ilmiy ishlanma va g‘oyalar o‘zining samaradorligi bilan muhim ahamiyat kasb etayotir.

Andijon shahridagi “Suvoqova” korxonasiga qarashli 6 suvtindirgich hovuzga kuniga 60 ming kub metrdan ortiq oqova suv kelib tushadi. Bu suv hovuzlardan “Aerotenka” deb ataladigan maxsus qurilmaga o‘tkaziladi. Ushbu qurilmaning vazifasi suv ostidan havo berib turish orqali suvdagi foydali mikroorganizmlarni tirik ushlab turish va turli mikroblarni zararlantirishdan iborat. Lekin ushbu qurilma doimiy ishlab turishi uchun katta miqdorda elektr energiyasi va mablag‘ sarflanadi.

Andijon davlat universiteti olimlari tomonidan oqova suvni tabiiy yo‘l, ya'ni Braziliyadan keltirilgan Eyxorniya o‘simligi yordamida tozalash bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. Suvni birlamchi tozalash va mikroblardan zararsizlantirish tajribasi ijobiy natija berdi. “Suvoqova” korxonasi tomonidan mazkur loyihaga katta qiziqish bildirildi. Endilikda ana shu ilmiy loyiha asosida oqova suvni tozalash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Mazkur g‘oya Namangan va Andijon viloyatlarida joriy etilmoqda. O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ushbu g‘oyani barcha viloyatlarda joriy etish tashabbusini ilgari surmoqda. Bu katta miqdorda iqtisodiy daromad keltirish bilan birga, jarayonni mutlaqo tabiiy usulda amalga oshirish imkonini beradi.

– Andijon davlat universiteti olimlari taklifi bilan o‘tgan yili bug‘doydan bo‘shagan 1,6 gektar maydonga Janubiy Amerikadan keltirilgan Amarant o‘simligini ekdik, – deydi Marhamat tumanidagi “Feruz” fermer xo‘jaligi rahbari G‘ulomjon Karimov. – Farmatsevtika sanoati uchun zarur moddalar olinadigan ushbu o‘simlikdan yuqori hosil olindi. Eng muhimi, uni yetishtirish ortiqcha mehnat va sarf-xarajat talab etmadi, iqtisodiy samaradorligi esa yuqori bo‘ldi.

Farmatsevtika sanoti uchun muhim bo‘lgan ushbu o‘simlik joriy yilda Marhamat, Asaka va Ulug‘nor tumanlaridagi bir qator fermer xo‘jaliklarida ham yetishtiriladi. Olimlar uni qayta ishlash va amarant moyini olish texnologiyasini takomillashtirish, ishlab chiqarishga joriy etish ustida izlanmoqda.

Hududiy yarmarkada Andijon qishloq xo‘jaligi instituti olimlari tomonidan namoyish etilgan “Qor va yomg‘ir suvlaridan samarali foydalanish akkumulyatsiya qurilmasi” tog‘ va tog‘oldi hududlarida foydalanilmay turgan suvsiz yerlarni o‘zlashtirish, mavjud suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishda qator qulaylik va afzalliklarga ega.

Muxtasar aytganda, olimlar tomonidan taqdim etilayotgan innovatsion g‘oya, texnologiya va ilmiy ishlanmalar iqtisodiyotimizning turli sohalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Joriy yilda o‘tkaziladigan IX Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida andijonlik olimlar tomonidan yaratilgan 40 dan ortiq yangi innovatsion g‘oyalar, texnologiya, ishlanma va loyihalar namoyish etiladi.

Top