00:11 / 06.05.2016
8986

"Krasnodar" klubi irqchilik banneri uchun jarimaga tortildi

Rossiya futbol ittifoqi nazorat-intizom qo‘mitasi navbatdagi yig‘ilish natijalariga ko‘ra "Krasnodar" futbol klubini Rossiya chempionatining 26-turida "Anji"ga qarshi uchrashuvda yo‘l qo‘yilgan turli qoidabuzarliklar uchun 125 ming rublga jarimaga tortdi. Bu haqda "Chempionat" nashri xabar bermoqda. 

Qo‘mita raisi Artur Grigoryantsning aytishicha, klub o‘z muxlislari joylashgan sektorda No Banana No Party (Banan yo‘q – xursandchilik yo‘q) yozuvi bo‘lgan irqchilik kayfiyatidagi bannerning paydo bo‘lgani uchun 25 ming rubl jarima to‘laydi. 

Krasnodarliklar jarimadan 100 ming rublni uchrashuv vaqtida xavfsizlikni tegishli tarzda ta'minlay olmaganlari uchun to‘laydilar. Uchrashuv vaqtida maydonga "Anji" muxlisi yugurib chiqib ketgan. Bu holat uchun Mahachqala jamoasi 20 ming rubllik jarimaga tortildi.

Jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv 1 mayda bo‘lib o‘tgandi va kubanliklarning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi.

2015 yilning 5 avgustida xuddi shunday jazoga "TsSKA" klubi tortilgandi: klub muxlislari "Anji"ga qarshi uchrashuvda Animal Planet (Hayvonot dunyosi) yozuvi bo‘lgan bannerni namoyish qilishgan.

Top