15:04 / 06.05.2016
37459

Huquqni muhofaza qilish organlari GM Uzbekistan korxonasida tekshiruv o‘tkazmoqda

O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish va soliq organlari GM Uzbekistan —General Motors (25 foiz) va «O‘zavtosanoat» (75 foiz) qo‘shma korxonasining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini kompleks tekshiruvdan o‘tkazmoqda. Bu haqda RIA Novosti axborot agentligi vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib xabar tarqatdi

«Tekshiruv noqonuniy eksport va valyuta qonunchiligining buzilishi kabi faktlar aniqlangach, boshlangan», — deydi agentlik suhbatdoshi. Dastlabki tekshiruv muddati — bir oy bo‘lib, bu muddat vaziyatga qarab uzaytirilishi mumkin. 

Bundan oldinroq bir qator manbalarda GM Uzbekistan bosh direktori Tohirjon Jalilov davlatga katta miqdorda iqtisodiy zarar keltirganlikda gumon qilinib lavozimidan ozod qilingani va qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqalgandi

«O‘zavtosanoat» va GM Uzbekistan vakillari, shuningdek bosh prokuratura hamda O‘zbekiston IIV hozircha bu vaziyat bo‘yicha izoh bermagan.

Shuningdek, «O‘zavtosanoat» saytida Jalilov boshqaruv raisi o‘rinbosari lavozimida ekani haqidagi ma'lumot olib tashlanmagan.

Bundan oldinroq, shu yilning fevralida Anhor.uz saytida Asaka bank rahbari Qahramon Aripovning lavozimidan olinib, hibs qilingani haqida xabar bergandi. Xabarda Jalilov va Aripovning qo‘lga olinishi va tergov qilinishi bir-biriga bog‘liq jarayon hisoblanadi. Aripovning qo‘lga olinishi bo‘yicha ham huquq-tartibot organlari tomonidan rasmiy izoh berilmagan.

GM Uzbekistan - qo‘shma korxonasi 2008 yilda AQShning General Motors (25 foiz) va O‘zbekistonning  «O‘zavtosanoat» AJ (75 foiz) tomonidan «O‘zDeuAvto» YoAJ o‘rnida tashkil qilingan edi. Kompaniya quvvati yiliga 250 ming avtomobil ishlab chiqarishni tashkil qiladi.

Bugungi kunda korxona Nexia, Cobalt, Lacetti, Gentra va Malibu, Matiz hamda Spark rusumlari, yo‘ltanlamas rusumidagi Captiva, Orlando miniveni, Damas mikroavtobusi va uning yuk tashishga moslashgan ko‘rinishi Labo  kabi avtomobillarni ishlab chiqaradi.

Eksport qilinadigan avtomobillar Ravon brendi ostida sotiladi. Bular asoan Nexia, Cobalt, Matiz va Spark avtomobillaridan iborat.

Ma'lumot uchun, 2015 yilda GM Uzbekistan’ning Rossiyadagi sotuv hajmi 46 foizga pasaydi. GM Uzbekistan’ning Rossiya bozorida egallagan ulushi bir yil davomida 1,5 foizdan 1,3 foizgacha pasaydi.

2015 yilda Rossiyada GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan 20 451 dona avtomobil sotilgan. Korxona 2014 yilda 245,7 ming dona avtomobil ishlab chiqargan (2013 yil bilan solishtirganda 0,1 foizlik o‘sish). Bu boradagi 2015 yilgi ma'lumot oshkor etilmagan. Rejaga ko‘ra, Asakadagi zavod 2015 yili 220 ming avtomobil ishlab chiqarishi belgilangandi.

Top