22:35 / 10.05.2016
13476

Andijonda “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” shiori ostidagi yoshlar festivali boshlanmoqda

O‘zbekiston respublikasi mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan mamlakat miqyosida tashkil etilgan “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” deb nomlangan yoshlar festivali 11-13 may kunlari Andijon viloyatida bo‘lib o‘tadi.

Yoshlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlar, o‘sish-o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishtirish, ayni jarayonda ularning qalbida daxldorlik va shukronalik tuyg‘usini shakllantirish, buyuk ajdodlar merosi hamda milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan mazkur festival minglab yoshlarni qamrab oldi.

Festival oldidan Andijon viloyati hokimligida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Muhammadjon Nishonov «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova, O‘zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov va boshqalar festivalni o‘tkazishdan asosiy maqsad, uning ahamiyati, amalga oshiriladigan loyihalar haqida ma'lumot berib o‘tishdi.
Anjumanda ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari xodimlari va jamoatchilik vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Shundan so‘ng viloyat markazidagi Alisher Navoiy nomli madaniyat va istirohat bog‘ida targ‘ibot guruhidagi san'atkorlar ishtirokida boshlanajak festival oldidan debocha sifatida konsert dasturi namoyish etildi.

“Kun.uz” muxbiri fursatdan foydalanib, targ‘ibot guruhi safida Andijonga tashrif buyurgan san'atkorlarni suhbatga tortdi. Bu borada “Kamolot PReSS” yosh reportyorlar klubi a'zosi Boburmirzo Hojiakbarov yaqindan yordam berdi.

Otabek Mutalxo‘jayev, “Nihol” davlat mukofoti sovrindori, xonanda:


– Bugun Andijonga keldik, kayfiyatlar zo‘r. Umuman olganda vodiyni judayam yaxshi ko‘raman. Bizni juda yaxshi kutib olishdi. Andijonda ommaviy tadbirlar doim ko‘tarinki ruhda o‘tadi. Viloyatning shijoatli yoshlariga qoyil qolmay ilojimiz yo‘q. Eng asosiysi ularda san'atga bo‘lgan muhabbat kuchli. Ko‘rinib turibdiki, bu yerda “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” festivaliga juda katta tayyorgarlik ko‘rilgan. Boshlanajak festival doirasidagi barcha tadbirlar mustaqillikning 25 yilligiga munosib sovg‘a bo‘ladi. 

Masrur Usmonov, xonanda:


 – Andijonga kirib kelishimiz bilan, targ‘ibot guruhi a'zolarini bir xil kiyimdagi yoshlar, qo‘llarida vatan bayrog‘i bilan kutib olishdi. Ularning ko‘zidagi quvonchni so‘zsiz ham his etish mumkin edi. Ularning samimiy mehrini, quvonch va ishtiyoqini payqash qiyin emas. O‘ylaymanki, mana shunday zo‘r kayfiyat festival davomida barchamizga hamroh bo‘ladi.

Muallif: Elmurod Ermatov, Andijondan “Kun.uz” sayti uchun maxsus.

Top