09:56 / 10.05.2016
6941

Erdo‘g‘an Axel Springer AG mediakonserni rahbarini sudga berdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Germaniyaning Axel Springer AG mediakonserni rahbari Matias Depfnerni sudga berdi. Bunga dunyodagi eng yirik mediakonsernlardan biri rahbari bo‘lgan bu shaxsning Erdo‘g‘anni ZDF telekanali efirida haqoratli she'ri bilan tanqid qilgan nemis satirigi Yan Bemermanni qo‘llab-quvvatlagani sabab bo‘ldi. Bu haqda Deutsche Welle xabar yozgan.

Qayd etilishicha, Depfner Erdo‘g‘an ustidan qilingan satiraga kulgan.

Depfner qiziqchiga yo‘llagan ochiq xatida uning she'ri "muvaffaqiyatli" chiqqanini aytgan. "Ovozim boricha kuldim", — deya qayd etgan u.

Shundan keyin Turkiya tomoni mediakonsern rahbarining Bemermann bilan bog‘liq bayonot berishi bo‘yicha taqiq o‘rnatilishini talab qilgan.

Kyoln sudi da'voni rad etishi mumkinligini bildirdi. Turkiya rahbarining advokati Ralf Xekerning aytishicha, uning talabi qondirilmasa, Erdo‘g‘an oliy instansiya sudiga murojaat qiladi.

10 aprel kuni Turkiya hukumati Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga telejurnalist Yana Bemermannga nisbatan jinoiy ish ochilishini talab qilib murojaat bilan chiqqandi. Shundan keyin Germaniya Adliya vaziri Xayko Maas Bemermann ustidan sud bo‘lishi, sudgacha uning she'ri oddiy satira yoki tuhmat ekani bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishini ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 31 mart kuni Bemermann ZDF telekanalidagi Neo Magazin Royale ko‘rsatuvida hazilomuz she'rini o‘qib bergan, unda Turkiya rahbarining kurdlarga, xristianlarga munosabati, shuningdek mamlakat ichidagi muxolif gazetalarni yoptirishi achchiq so‘zlar bilan tilga olingandi.

Top