20:21 / 10.05.2016
9990

IShIDchilar kimning xalifalari? (2-qism)

IShID jangarilari uchun bunday shafqatsizliklar oddiy hol. Hatto yosh bolalarni maxsus markazlarda vahshiylikka o‘rgatishadi. 

Bir qochoqning aytishicha: “Suriyaning Raqqa shahrida 6 ta maxsus lager bor, ular orasida “Zarqoviy arslon bolalari lageri” ham mavjud. Har haftada ushbu lagerdan 25-30 bola to‘liq harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, jallod bo‘lib yetishadi. IShIDchilar mashg‘ulot paytida asirlardan tajriba maqsadida foydalanishadi. Bolalar asirlarga qarata o‘q uzadi yoki bo‘yniga pichoq tortib qo‘y kabi bo‘g‘izlaydi”. (Aydarbek To‘lepovning “IShID fitnasi” kitobi, 62-bet). 

Axir Olamlarga rahmat bo‘lgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 23 yillik payg‘ambarlik davrlarida biror marta bo‘lsa ham yosh bolalarni shunday razil ishlarni qilishga buyurganlarmi yoki ko‘rsatma berganlarmi yoki siyratlarida biror marta shunday holat kuzatilganmi? Yo‘q, albatta. 
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hatto hayvonlarni va jonivorlarni (o‘q otishga) mo‘ljal qilinadigan nishon qilib olishdan ham qaytarardilar. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qushlarni yeyish maqsadida emas, balki bekorga o‘ldirishdan qaytarib shunday der edilar: “Kim biror qushni o‘ldirsa, o‘sha qush Qiyomat kuni Alloh taologa: “Ey, Rabbim, falonchi meni bekordan-bekorga o‘ldirdi, biror bir manfaatni ko‘zlab o‘ldirmadi”, deb shikoyat qiladi”. (Nasoiy rivoyati). 

Shuningdek, U zot alayhissalom hayvonlarni so‘yishda ham rahm-shafqatli, yumshoq munosabatda bo‘lishni uqtirardilar. Qo‘yni yotqizib, ustida pichog‘ini o‘tkirlab turgan kishiga: “Sen nima uni ikki martalab o‘ldirmoqchisan? Uni yotqizishdan oldin pichog‘ingni o‘tkirlasang bo‘lmasmidi?”, deb tanbeh berganlar. (Tabaroniy rivoyati). 

Bu hadisi shariflarda ko‘rib turganingizdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hatto hayvonlarga nisbatan zulm qilishdan qaytarmoqdalar. Ana endi aytingchi, bu IShIDchilar maxluqotlarning gultojisi insoniyatga, bo‘lib ham gultojning gavhari bo‘lmish yoshlar, go‘daklarga zulm qilmoqdalar. Xalifalik ya'ni, “o‘rinbosarlik”ni, Qur'on karim va hadisi sharifga amal qilishni da'vo qiladigan bu g‘alamislar go‘daklarni shunday qiynoqlar iskanjasiga solish mumkin ekaniga biror bir dalil keltira oladilarmi? 
Shuni unutmasligimiz lozimki, bu dunyoda qilingan zarracha zulm ertaga Qiyomatda zulmatlarga aylanadi. 

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam siyratlariga nazar solsangiz, farzandlari Ibrohim vafot etganida ko‘zlaridan yosh oqqanligini ko‘rishingiz mumkin. 
Anas roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam farzandlari Ibrohimning huzuriga kirdilar. Ibrohim jon talvasasida edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘zlaridan yosh to‘kila boshladi. Oldilarida turgan sahobiy Abdurrohman ibn Avf: “Siz hammi, yo Rasululloh! (ya'ni siz ham yig‘laysizmi), dedilar. Ul zot: “Ey, Ibn Avf, bu rahm-shavqatdandir”, dedilar. Boshqa rivoyatda esa: “Ko‘zlar yosh to‘kadi, qalb mahzun bo‘ladi va biz faqat Robbimizni rozi qiladigan so‘zlarni gapiramiz. Biz sening firoqingga mahzunmiz ey, Ibrohim”, dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati. Ba'zi jumlalarini Imom Muslim rivoyat qilgan). 

Usoma ibn Zayd roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga farzandlari Ibrohim vafot etayotgan holatida ko‘tarib olib kelinganda, u zotning ikki ko‘zlaridan yosh oqdi. Shunda Sa'd: “Yo Rasululloh, nimaga yig‘layapsiz?”, dedi. Shunda: “Bu Alloh taolo bandalarining qalbiga joylagan rahmatidir. Albatta, Alloh taolo faqat rahim-shavqatli bandalariga rahim qiladi”, dedilar”. (Muttafaqun alayhi). 

Ana endi aytingchi, yoshlarni yaxshi ko‘radigan, ularga mehr-shafqatli bo‘lgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam IShIDchilarning qilmishlari, zulmlari sabab necha minglab yosh norasidalarni bunday ahvolga tushishlariga yo‘l qo‘yarmidilar. IShIDchilar minglab onalarni yig‘latmoqdalar, necha minglab go‘daklarni yig‘latmoqdalar. 
Yuqoridagi hadisga binoan shuni ayta olamizki, bu g‘alamislarning qalbida zarracha bo‘lsa ham rahm-shafqat yo‘q ekan. Ular “Islom davlatini qurish” shiori ostida o‘zlari yosh go‘daklarni yetimlarga aylantirib, keyin yana o‘z qaramog‘iga olyaptilar. Ular nima maqsadda o‘z qaramog‘iga olyaptilar, deb o‘ylaysiz? Ta'lim-tarbiya berish maqsadidami? Yoki go‘zal axloq bilan tarbiyalashmi? 
Yo‘q, qayoqda, unday qilsinlar! Ular Qur'on va hadisi sharifning ko‘rsatmalariga amal qiladigan musulmonmidilarki, yosh go‘daklarga mehr-shafqat qilsalar? Ular Rasulullohning o‘rinbosarlari, merosxo‘rlarimidilarki, yetimlarni boshini silab, g‘amxo‘rlik qilsalar? Yo‘q, albatta. Ular ko‘rinmas uchinchi qo‘lning malaklari, ta'bir joiz bo‘lsa, Iblisning yordamchilaridirlar. Bu go‘daklarga IShIDchilarning o‘zlari ham hatto yoshligida o‘rganmagan, ko‘rmagan jirkanch ishlarni qilishga o‘rgatmoqdalar, aniqrog‘i majburlamoqdalar. Jumladan: insonlarni o‘ldirish, qiynoqqa tortish, maxsus joylarni portlatish va hokazo... 

Buni qanday tushunish mumkin, odam degan shunchalar ham yovuz bo‘ladimi?! Biz ularni iblislar deganimiz bejiz emas. Zero, qilayotgan ishlaridan ko‘rinib turibdiki, ular haqiqatan ham iblislar, qonxo‘r, shavqatsiz, odam qiyofasidagi shaytonlardir! (Aydarbek To‘lepovning “IShID fitnasi” kitobi, 77-bet). 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetimlarga nisbatan go‘zal muomalada bo‘lardilar, ularga yaxshilik qilardilar va sahobalarni ham shunday qilishga, yetimlarni o‘z qaramog‘iga olishlariga targ‘ib qilib, uning fazilatlarini bayon qilardilar. 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Men bilan yetimni qaramog‘iga olgan kishi jannatda mana shundoq bo‘ladi”, deb ko‘rsatkich va o‘rta qo‘llarini birlashtirib ishora qildilar. (Imom Buxoriy rivoyati). 
Boshqa bir rivoyatda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonlardagi eng yaxshi uy – unda yetimga xayr-saxovat qilinadigani”, deb aytganlar. (Ibn Moja rivoyati). 
Bu hadisi shariflardagi yetimlardan maqsad ota-onasi taqdir taqozosi bilan vafot etgan yosh, voyaga yetmagan go‘daklar nazarda tutilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ana shunday ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yosh bolalarning boshini silab, g‘amxo‘rlik qilardilar. Ularga ta'lim-tarbiya, odob-axloq o‘rgatishga targ‘ib qilardilar. 

Islom odoblarida bolalarning boshini tepadan pastga qarab silashga buyuriladi, chunki aksincha silanganda ozgina bo‘lsa-da, bolaga ozor yetkaziladi. Dinimiz boshqalarga mana shu darajada kam ozor berishdan ham qaytaradi. (Aydarbek To‘lepovning “IShID fitnasi” kitobi, 51-bet).

(Maqolaning 1-qismini ushbu havola orqali o‘qishingiz mumkin)

Manbalar asosida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi 
G‘iyosiddin BARATOV tayyorladi. 

Manba: Muslim.uz

Top