08:47 / 11.05.2016
3793

APLning qoldirilgan uchrashuvida «MYu» «Vest Hem»ga mag‘lub bo‘lib, YeChL yo‘lanmasi uchun imkoniyatini kamaytirdi

Angliya Premer-ligasining 35-turining qoldirilgan bahsi doirasida «Vest Hem» o‘z maydonida, «Boleyn Graund» o‘yingohida «Manchester Yunayted»ni qabul qildi.

Dastlabki 20 daqiqa davomida mezbonlar juda katta ustunlikka ega bo‘lishdi va hisobni ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Lansini chap qanotdan jarima maydonchasiga kirdi va orqaroqqa uzatma berdi. Sako yo‘llagan zarba natijasida to‘p Blindga biroz tegdi va De Xea qo‘riqlayotgan darvoza burchagiga borib tushdi. Endi Kerroll esa yakkama-yakka vaziyatda David de Xeani dog‘da qoldira olmadi. 

Ikkinchi bo‘limda, 51 va 72-daqiqalarda «MYu» yaratgan ikkita vaziyatning har ikkalasidan Antoni Marsiyal unumli foydalanib, mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. 

O‘yinning qolgan qismi o‘ta shiddatli kechdi va «Vest Hem» yetakchisi Dimitri Payyening uzatmalarini Maykl Antonio va Uinston Rid bosh bilan «MYu» darvozasiga joylashdi.

Shu tariqa, «Vest Hem» «Boleyn Graund» stadionidagi so‘nggi o‘yinda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi. Slaven Bilich shogirdlari Yevropa ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun juda yaxshi imkoniyat hosil qilishdi. Manchesterliklar esa katta ehtimol bilan kelasi mavsumda YeChLda emas, Yevropa ligasida esa qatnashadi. 

Mazkur bellashuvdagi g‘alaba «Manchester Yunayted»ni kuchli to‘rtlikka olib kirishi mumkin edi. Endilikda, 37-turdan keyin «Manchester Siti» 65 ochko bilan 4-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, «Manchester Yunayted» hisobida 63 ochko mavjud.

So‘nggi turni «Manchester Yunayted» o‘z maydonida «Bornmut»ga qarshi o‘tkazadi. Londondagi mag‘lubiyatidan keyin klub «Arsenal»dan o‘zib ketish va 3-o‘rinni qo‘lga kiritish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi. Biroq 4-o‘rinni egallash uchun nazariy imkoniyat saqlanib turibdi. 

Jamoaning to‘rtinchi o‘rin uchun raqobatchisi «Manchester Siti» so‘nggi turni Uelsda «Suonsi»ga qarshi o‘tkazadi. Ayni vaqtda 3-o‘rinda joylashgan «Arsenal» so‘nggi turda liga bilan xayrlashgan «Aston Villa»ni qabul qiladi. Venger shogirdlarining 2-o‘rin uchun kurashdagi raqobatchisi «Tottenhem» esa so‘nggi turni ligada jon saqlab qolish uchun kurash olib borayotgan Rafael Benites boshqaruvidagi «Nyukasl» maydonida o‘tkazadi.

APL. 35-turning qoldirilgan o‘yini
Vest Hem – Manchester Yunayted 3:2 (1:0)
Gollar: 1:0 – 10 Sako, 1:1 – 51 Marsiyal, 1:2 – 72 Marsiyal, 2:2 – 76 Antonio, 3:2 – 80 Rid. 
Vest Hem – Rendolf, Ogbonna, Rid, Kressuell, Lansini (Obiang, 84), Antonio, Nobl, Kuyate, Payye (Valensiya, 90), Sako (Tomkins, 85), Kerroll.
Manchester Yunayted – De Xea, Blind, Smolling, Roxo, Valensiya (Yanuzay, 87), Mata, Shnayderlin (Kerrik, 46), Errera (Lingard, 83), Marsiyal, Runi, Reshford.
Ogohlantirishlar: Marsiyal (58), Kerroll (69), Valensiya (70), Errera (75).

 

Top