15:37 / 11.05.2016
6326

«Asaka» ATB 15 foiz aksiyalarini 58,47 mln dollarga sotish niyatida

«Asaka» aksionerlik tijorat banki "Toshkent" Respublika fond birjasi orqali 15 foiz aksiyalarini xorijiy sarmoyadorlarga sotishni rejalashtirayapti. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.

Bank ma'lumotlariga ko‘ra, xorijlik sarmoyadorlar tijorat bankining 69 607 802 dona qimmatbaho qog‘ozlarini xarid qilishlari mumkin. Aktsiyalar to‘plamining bozor narxi 58,47 mln AQSh dollariga teng.

«Asaka» banki O‘zbekiston moliyaviy xizmatlar bozorida 20 yildan ko‘proq vaqtdan beri faoliyat ko‘rsatib kelyapti. U 1995 yil 7 noyabrida tashkil etilgan. 

U kapital hajmi bo‘yicha O‘zbekistonning ikkinchi yirik tijorat banki hisoblanadi. Uning mintaqaviy tarmog‘i 26 ta shoxobcha va 86 ta mini-bankni o‘z ichiga oladi. "Asaka" banki o‘zini keng qamrovli an'anaviy va zamonaviy bank xizmatlarini taklif etuvchi yirik universal moliya-kredit instituti sifatida namoyon etadi.  

Bankning jami aktivlari 2016 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2691,5 mlrd so‘mga ortib, 8,1 trln so‘mni tashkil etdi. 
Uning umumiy kapitali 118,0 mlrd so‘mga ko‘payib, 955,7 mlrd so‘mdan iborat bo‘ldi. 

Kredit va lizing hajmi so‘m ko‘rinishda 3,9 trlnni tashkil etgan. Kredit portfellari orasida uzoqmuddatli kreditlar asosiy o‘rin tutmoqda.

Top