15:38 / 11.05.2016
9260

London osmonida biryo‘la ikki samolyotni chaqmoq urdi

27 aprel kuni London osmonida biryo‘la ikki samolyotga chaqmoq zarba berdi. Bu epizodlardan biri yerdan turib kuzatayotganlar tomonidan videotasvirga olingan.

BBC xabariga ko‘ra, chaqmoq British Airways avialayneri va Icelandair aviakompaniyasiga qarashli samolyotga zarba bergan. Samolyot yo‘lovchilari jurnalistlarga yorqin chaqmoqni ko‘rganliklari hamda baland tovush eshitganliklarini so‘zlab berishdi. Shunga qaramay samolyotdagi yo‘lovchilarning hech biriga ziyon yetmagan.

Aslida samolyotlarni chaqmoq urishi - kamyob hodisa emas. 

"Chaqmoq ko‘pincha qo‘nishni yoki uchishni amalga oshirayotgan bir necha samolyotlarni biryo‘la uradi", - dedi AQSh fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasining vakili Jim Piters Livescience nashriga.

Statistikaga ko‘ra, har bir yo‘lovchi tashuvchi samolyot 3 000-10 000 parvoz soatlarida bir marta chaqmoq zarbiga duch keladi. Bu o‘rtacha avialaynerni uch yilda kamida bir marta chaqmoq uradi deganidir. 

"Yo‘lovchilarni shovqin yoki chaqmoq xavotirga solishi mumkin, biroq har qanday holatda ham ular xavfsizlikda bo‘lishadi", -dedi Piters. 

Yo‘lovchilarning xavfsizligi samolyotlarning konstruksiyasi bilan kafolatlanadi, chunki ular chaqmoq zarbiga bardoshli qilib loyihalashtiriladi.

Top