22:20 / 11.05.2016
23666

Reportaj: Andijondagi “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” shiori ostidagi yoshlar festivalining ilk kuni

O‘zbekiston respublikasi mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan mamlakat miqyosida “Biz buyuk yurt farzandlarimiz”shiori ostida tashkil etilgan yoshlar festivalining Andijon viloyatidagi birinchi kuni ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Targ‘ibot guruhlari viloyatning Qo‘rg‘ontepa, Jalalquduq, Bo‘z, Shahrixon, Ulug‘nor tumanlari va Xonobod shahriga tashrif buyurishdi. Bo‘lib o‘tgan uchrashuv va gala-konsert dasturlari davomida yoshlar bilan turli loyihalar asosida suhbatlar o‘tkazildi.

Jurnalist va tarjimon Shuhrat Sattarov, teatr va kino aktyorlari Aziz Qobulov, Baxtiyor Turg‘unov, Umida Muqimova hamda estrada xonandalari Otabek Muhammadzohid va Vohidjon Isoqovdan iborat targ‘ibot guruhi viloyatning eng chekka tumanlaridan biri hisoblangan Ulug‘nor tumanida bo‘ldi.

“Siz sevgan qahramonlar” loyihasi bo‘yicha dastlabki tadbir tuman hokimligining majlislar zalida tashkil etilib, unda 400 nafardan ziyod yosh avlod vakillari ishtirok etdi. Yosh avlod vakillari o‘zlari sevgan aktyor va xonandalar bilan bevosita muloqot qilishdi.

21-son musiqa va san'at maktabida “Ommaviy madaniyat va yoshlar ma'naviyati” loyihasi asosida o‘tkazilgan tadbirda mamlakat yoshlarining bugungi kunda barcha sohalarda qo‘lga kiritib kelayotgan ulkan yutuqlari, shu bilan birga, hozirgi murakkab zamonda yoshlarimiz ongini milliy qadriyatlarga yot bo‘lgan zararli g‘oyalar ta'siridan himoya qilishga har bir kishi jiddiy yondashishi lozimligi e'tirof etildi. Musiqa va san'at maktabining iqtidorli o‘quvchilari tomonidan ijro etilgan qo‘shiq va kuylar targ‘ibot guruhi vakillarida katta taassurot qoldirdi.

Guruh a'zolari tumanda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishib, yaqinda tashkil etilgan “Nuroniylar bog‘i”da bo‘lishdi.

Tumandagi Agrosanoat kasb-hunar kollejida bo‘lib o‘tgan “Kamolot kutubxonasi” mavzusida qiziqarli uchrashuv o‘tkazildi. Jurnalist va tarjimon Shuhrat Sattarov inson kamolotida kitobning o‘rni haqida so‘zladi. Kollej o‘quvchilari o‘zbek va jahon adabiyoti namoyondalari asarlaridan badiiy chiqishlar va she'rlar ijro etishdi. Savol-javob tarzida o‘tkazilgan munozaralarda yaxshi ishtirok etgan o‘quvchilarga kitoblar sovg‘a qilindi. Davrada sho‘x qo‘shiqlar yangrab barchani raqsga chorladi.

Shundan so‘ng Ulug‘nor tumani markazidagi o‘yingohda san'at ustalari va estrada xonandalari ishtirokida gala-konsert bo‘lib o‘tdi. Gala-konsertga qo‘shni Baliqchi tumani yoshlari ham kelib qo‘shilishdi.

Tadbirni tuman hokimi Abdug‘ofir Sulaymonov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Tumanda voyaga yetayotgan yosh iqtidor egalari bo‘lgan sportchi yoshlar va gimnastikachi qizaloqlar tomonidan chiqishlar namoyish etildi. Ulug‘norlik sportchi yoshlar  o‘yingoh markaziga mustaqillikning yigirma besh yoshini ifodalovchi raqamni chizganlarida stadion shodon hayqiriqlarga to‘lib ketdi. Shijoatli yoshlar el sevgan san'atkorlar qo‘shiqlarini birga kuylab, raqsga tushdilar.

“Kun.uz” saytining Andijondagi mobil muxbiri Elmurod Ermatov fursatdan foydalanib, targ‘ibot guruhi safida Andijonga tashrif buyurgan san'atkorlarni suhbatga tortdi. Bu borada  “Kamolot PReSS” yosh reportyorlar klubi a'zosi Boburmirzo Xojiakbarov yaqindan yordam berdi.

Xonanda Vohidjon Isoqov:
- Bugun Ulug‘nor tumanida bo‘lib, bu yerda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari va insonlarning yuzidagi shukronalik hislaridan dilim g‘ururga to‘ldi. Tuman yoshlari orasida iqtidorlilari juda ko‘p ekan. Musiqa va san'at maktabi o‘quvchilarining san'at sohasida egallagan yutuqlari tahsinga loyiq. Men buguni farovon, kelajagi buyuk davlatda yashayotganimdan faxrlanaman.

Muallif: Elmurod Ermatov, Andijon.

Mavzuga oid
Top